Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani hokimi oʻrinbosari pora olayotganda qoʻlga olindi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Rasmiylarga koʻra, hokim oʻrinbosari mahalliy fermerning ishonchiga kirib, 2024-yilgi 300 kilogramm pillani topshirish rejasini yopib berish evaziga undan 21 million soʻm pora so‘ragan. U pullarning 7 million soʻmini xizmat xonasida olayotganida qoʻlga tushgan. Pora pullari daliliy ashyolar sifatida rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) va 28,211-moddasi 1-qismi (pora olishga suiqasd) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Sud tomonidan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hozirda mazkur ish yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.