O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Toshkentda 110 mingta uy buzilishi boshlandi” mazmunidagi xabarlar haqiqatga mos emasligini ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, ayni paytda mamlakat bo‘ylab ko‘p qavatli uy-joylarning seysmik holatini o‘rganish va baholash ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan profilaktik choralar bo‘lib, ularni ommaviy buzilish sifatida talqin qilish noto‘g‘ri.
“Bugungi kungacha rasmiy hujjatlarsiz qurilgan yagona obyekt bo‘yicha seysmik xavfsizlik talablari buzilgan holat aniqlandi va bu yerda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi,” deyiladi vazirlik bayonotida.
Rasmiylarga ko‘ra, ommaviy uy-joy buzilishi bo‘yicha hech qanday qaror yoki hukumat rejasi mavjud emas.
Fuqarolarga yolg‘on yoki tekshirilmagan ma’lumotlarga ishonmaslik, faqat rasmiy manbalarga tayanish tavsiya etilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, atayin noto‘g‘ri axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.