Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Jamiyat

5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

1163

Har yili 5-iyun kuni butun dunyo bo’ylab “Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni” nishonlanib kelinadi. Ushbu kun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan va atrof-muhit muammolariga e’tibor qaratish maqsadida tashkil etilgan. Bu kunning asosiy maqsadi odamlarni atrof-muhitni himoya qilishga, tabiatni asrab-avaylashga va uning resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan.

Atrof-muhitni muhofaza qilish kunining tarixi 1972-yilga borib taqaladi, o’sha yili Stokgolmdagi birinchi xalqaro atrof-muhit konferensiyasi o’tkazilgan. Ushbu konferensiyada atrof-muhit muammolarining global ahamiyati tan olindi va ushbu masalalar bo’yicha xalqaro hamkorlik zarurligi ta’kidlandi. Shundan buyon har yili 5-iyunda ushbu kun munosabati bilan ekologik tadbirlar, aksiyalar va targ’ibot tariqasida mavzuga doir chellenjlar tashkil etiladi.

jarayon.uz muxbiri olgan fotosurat

Hozirgi kunga kelib, atrof-muhit bilan bog’liq muammolar yuzaga kelishi insoniyat uchun ham yetarli darajada xavf tug’dirmoqda. Misol uchun:

– iqlim o’zgarishi: iqlimning o’zgarishi global haroratning oshishiga, qurg’oqchilik va toshqinlarga olib kelmoqda;

– ifloslanish: havo, suv va tuproq ifloslanishi inson salomatligiga zarar yetkazmoqda;

– biodiversitet (ya’ni yer yuzasida mavjud bo’lgan barcha tirik organizmlar)ning kamayishi: oziq-ovqat manbai, tibbiyot resurslar va ekologik muvozanatni ta’minlaydigan tabiatdagi turli xil hayvonlar va o’simliklar yo’qolib bormoqda, bu esa ekosistemalarning muvozanatini buzmoqda;

– resurslarning tugashi: yer osti resurslari tezda tugamoqda, bu esa kelajak avlodlarimiz uchun katta muammo bo’ladi.

jarayon.uz muxbiri olgan fotosuratlar

Yuqorida keltirilgan holatlarni kamaytirish maqsadida, har birimiz quyidagi oddiy harakatlarni amalga oshirishimiz mumkin:

— barcha tirik mavjudotlar uchun zararli bo’lgan plastik xaltalardan voz kechish kerak. Shuningdek, chiqindilarni saralash va ularni qayta ishlash orqali chiqindilarni kamaytirishimiz mumkin;

— havoni ifloslamaslik uchun avtomobil o’rniga velosiped yoki jamoat transportidan foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi;

— yashil maydonlarni ko’paytirish uchun turli xil ko’chatlar ekish orqali tabiatga bir oz bo’lsa ham yordam bera olamiz.

jarayon.uz muxbiri olgan fotosurat

Atrof-muhitni muhofaza qilish kuni — bu bizga tabiatni asrab-avaylash zarurligini eslatadigan bir imkoniyatdir. Har bir inson o’z hissasini qo’shsa, biz yanada toza va sog’lom sayyorani yaratishga muvaffaq bo’lishimiz mumkin. Ushbu kun bizga yodgorlik sifatida xizmat qiladi; kelajak avlodlarga yaxshiroq bir dunyo qoldirish uchun harakat qilishimiz kerakligini unutmaslik zarurdir.

Keling, barchamiz birlikda tabiiy resurslarimizni himoya qilaylik va ularni saqlab qolishga intilaylik!

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *