Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 973.48 +38.11 EUR 13 436.64 +4.57 RUB 146.59 +1.01

Ming dollar qarzga 10 ming dollarlik tilxat: 65 kishi IIBBga murojaat qildi

Ming dollar qarzga 10 ming dollarlik tilxat: 65 kishi IIBBga murojaat qildi

Toshkent viloyatida fuqarolarga 1000 dollar qarz berib, ulardan 10 ming dollar olganligi haqida tilxat yozdirishda gumonlanayotgan shaxs qamoqqa olindi. Hozirgacha 65 nafar fuqaro uning ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi. Holat Ichki ishlar vazirligi tomonidan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik oyligining uchinchi bosqichi doirasida aniqlangan.

1 000 dollar berib, 10 000 dollarlik tilxat oldirganmi?

IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 1978-yilda Olmaliq shahrida tug‘ilgan shaxs fuqarolarga o‘z mablag‘lari hisobidan qarz berib kelgan.

Tergov organi bayon qilishicha, u qarz oluvchilardan kafolat sifatida aslida berilgan puldan 10 baravar ko‘p mablag‘ olganini tasdiqlovchi tilxat yozdirib olgan.

Jabrlanuvchilarning murojaatlarida keltirilgan holatlardan biriga ko‘ra, fuqaro 1000 AQSH dollari qarz olgan, biroq undan 10 ming AQSH dollari olgani haqida tilxat yozish talab qilingan.

Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, gumonlanuvchi ushbu tilxat asosida fuqarolik sudlariga murojaat qilib, qarz undirish haqida hal qiluv qarorlari chiqarilishiga erishgani aytilmoqda.

IIBBning bildirishicha, mazkur usul orqali ayrim fuqarolarning ish haqidan mablag‘lar undirilgan va ularga moddiy zarar yetkazilgan.

55 ta uy-joyning kadastr hujjatlari topildi

Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchining yashash xonadoni va ish ofisi ko‘zdan kechirilgan.

IIBB axborotiga ko‘ra, tekshiruv davomida quyidagilar aniqlangan:

  • Fuqarolarga tegishli 100 ga yaqin tilxat;
  • 55 ta uy-joyga oid kadastr hujjatlari;
  • Majburiy ijro byurosining qariyb 50 nafar fuqarodan pul undirishga oid hujjatlari;
  • Bir dona pnevmatik qurol.

Hozirga qadar mazkur shaxsdan zarar ko‘rganini bildirgan 65 nafar fuqaroning arizasi qabul qilingan.

Gumonlanuvchi qamoqqa olindi

Toshkent viloyati IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Taqdim etilgan rasmiy axborotda ish Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 188-moddasi 1-qismi va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan yuritilayotgani ko‘rsatilgan.

Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Sud qarori bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.