Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 973.48 +38.11 EUR 13 436.64 +4.57 RUB 146.59 +1.01

“Ayollar daftari”da 46 ta yordam yo‘nalishi: kimga qancha pul beriladi?

“Ayollar daftari”da 46 ta yordam yo‘nalishi: kimga qancha pul beriladi?

O‘zbekistonda “Ayollar daftari” orqali ehtiyojmand xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan yordam va xizmatlar yo‘nalishlari 23 tadan 46 taga yetkazildi. Yangi tartibga ko‘ra, ayrim toifadagi ayollarning oliy ta’lim kontrakti uchun 22 million so‘mgacha, davolanishi va uy-joyini ta’mirlashi uchun ham 22 million so‘mgacha yordam ajratilishi mumkin.

Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining 5-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-maydagi 239-son qarori bilan “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar toifalari oltitadan beshtaga qisqartirilgan, ko‘rsatiladigan xizmatlar yo‘nalishlari esa 46 taga kengaytirilgan.

Shuningdek, Prezidentning 11-sentabrdagi PF–193-son Farmoni doirasida “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan ko‘rsatiladigan yordam va xizmatlar soni 11 tadan 18 taga yetkazilgan. Ularning yettitasi yangi yo‘nalishlardir.

Qaysi ayollar yordam olishi mumkin?

“Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj xotin-qizlar kiritiladi.

Ular beshta toifa bo‘yicha baholanadi: ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtojlar, tadbirkorlik qilish istagidagilar, uy-joyga muhtojlar, tibbiy-psixologik hamda huquqiy yordamga ehtiyoji bor ayollar.

Yordam turi ayolning qaysi toifaga kirishi, oilaning ijtimoiy ahvoli va belgilangan talablarga qarab aniqlanadi. Demak, ro‘yxatga kiritilgan barcha ayollarga barcha turdagi yordamlar bir vaqtda berilmaydi.

Kontrakt, davolanish va ijara uchun qancha yordam beriladi?

Yangilangan tartibda bir qator to‘lovlarning miqdori va shartlari qayta ko‘rib chiqilgan.

Kontrakt, davolanish va uy-joy uchun qancha yordam beriladi?

“Ayollar daftari” doirasidagi asosiy moddiy yordam miqdorlari

Yordam turi va shartlari Eng ko‘p
Oliy ta’lim kontrakti

Kontraktning 50 foizigacha. Kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim uchun. Ijtimoiy reyestrdagi tegishli oilalarga.
22 mln
Operatsiyasiz davolanish 22 mln
Diagnostika tekshiruvlari 4,4 mln
Uy-joyni ta’mirlash 22 mln
Uy-joy ijarasi

Ijara to‘lovining 50 foizigacha. Tuman va shaharlarda.
2,2 mln
Uy-joy ijarasi — markaziy shaharlarda

Ijara to‘lovining 50 foizigacha. Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida.
2,64 mln

Izoh: Barcha miqdorlar so‘mda ko‘rsatilgan. Jadvalda yordamning eng yuqori chegaralari keltirilgan. Yordam olish tegishli mezonlar va ehtiyojmandlik shartlariga bog‘liq.

Kontrakt uchun yordam yiliga bir marta ajratilishi mumkin. Oila ehtiyojmandlik talablariga javob berishda davom etsa, yordam keyingi yillarda ham ko‘rsatilishi mumkin.

Jarrohlik amaliyotlari xarajatlari esa davlat yoki xususiy tibbiyot muassasasi bilan tuzilgan shartnoma asosida qoplanadi.

Daromad topish uchun qanday yordamlar beriladi?

“Ayollar daftari” doirasida belgilangan yordam miqdorlari

Yordam yo‘nalishi Eng ko‘p
Tomorqada issiqxona qurish 17,6 mln
Urug‘lik, ko‘chat va o‘g‘it xaridi 1,32 mln
Yerni haydash va tekislash 4,4 mln
Tikuvchilik, qandolatchilik va maishiy xizmat uskunalari 6,6 mln
Xonadon va tomorqani suv bilan ta’minlash 17,6 mln
Agrotexnik va mexanizatsiya xizmatlari 8,8 mln
Chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik va asalarichilik 11 mln
Kasanachilik va hunarmandchilik uskunalari 22 mln

Izoh: Miqdorlar so‘mda ko‘rsatilgan va yordamning eng yuqori chegarasini bildiradi. Mablag‘ ajratish belgilangan talablar hamda ehtiyojdan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, ayrim yordamlar uchun ajratiladigan mablag‘lar fuqaroning qo‘liga naqd berilmaydi. To‘lovlar shartnoma asosida tovar yoki xizmat yetkazib beruvchiga bevosita o‘tkaziladi.

“Ayollar daftari”ga qanday kiritiladi?

Amaldagi tartibga ko‘ra, ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxati mahallada shakllantiriladi. «Mahalla yettiligi» ayolning ijtimoiy ahvoli va yordamga ehtiyojini o‘rganadi.

Shu sababli yordamga muhtoj xotin-qizlar yashash joyidagi mahalla mas’ullari yoki tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limiga murojaat qilib, qaysi yordam turiga mos kelishini aniqlashtirishi mumkin.

Ro‘yxatga kiritilgan ayol uchun individual dastur shakllantirilib, zarur yordamning turi, miqdori va ko‘rsatish muddati belgilanadi.

Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda tuman va shahar shtablarining vakolatlari ham kengaytirilgan.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021–2025-yillardagi dastlabki olti bosqich davomida 4 million 538 ming nafardan ortiq xotin-qizga yordam ko‘rsatilib, bu maqsadlar uchun qariyb 7 trillion so‘m yo‘naltirilgan.