Joriy yilning may oyida Andijonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tadbirlar davomida “jihodchilar” diniy ekstremistik oqimining yashirin guruhi faoliyati aniqlandi. Bu haqda Andijon viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, jamoat yetakchisi 1981-yilda tug‘ilgan U.A. bo‘lib, u 12 nafar shaxsni o‘z atrofiga to‘plab, Andijon shahridagi turli choyxonalarda yig‘ilishlar o‘tkazgan. Ular Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotiga qo‘shilishni niyat qilganliklari aytilmoqda.
Bundan tashqari, ular ichida “Baytulmol” ko‘rinishida pul mablag‘lari yig‘ib, o‘z tarafdorlariga tarqatib kelishgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tintuv-tergov harakatlari davomida jamoat a’zolarining uyidan diniy-ekstremistik adabiyotlar va boshqa ashyoviy dalillar olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.