O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi insonparvarlik asosida navbatdagi muhim tashabbusni amalga oshirdi: og‘ir ahvolda qolgan voyaga yetmagan fuqaro T.O. O‘zbekistonga qaytarildi va qonuniy vakillariga topshirildi.
Fuqaro T.O.ning onasi 2015-yilda mehnat faoliyati sababli Turkiyaga ko‘chib o‘tgan va Istanbulda turk fuqarosi bilan shar’iy nikoh asosida yashay boshlagan. Afsuski, aynan shu “oilaviy sharoitda” voyaga yetmagan yurtdoshimiz jinsiy tajovuzga uchragan.
2017-yilda sodir bo‘lgan holatdan so‘ng T.O. Istanbuldagi bolalar uyiga joylashtirilgan. 2024-yil fevral oyida uning opasi tomonidan sudga berilgan ariza asosida u ozod etilgan. Biroq keyinchalik opa Turkiya politsiyasiga kuch ishlatganlik sababli qamoqqa tushgan, natijada voyaga yetmagan bola yana qarovsiz qolgan.
Istanbuldagi Bosh konsulxona, nodavlat tashkilotlar — “Yelkadosh” va “O‘zbek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish” jamiyatlari bilan hamkorlikda fuqaroni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirdi.