Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro 49 kg 599 gr “opiy” moddasi bilan qo‘lga olindi. Ushbu moddani u DAF rusumli yuk avtomashinasining yukxonasi ichida yashirin holda, boshqaruvi ostida bo‘lgan avtomobilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumaniga olib kelgan vaqtida musodara qilishdi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, Tojikiston Respublikasidan kontrabandachilik yo‘li bilan olib kelingan mazkur giyohvandlik vositasi kelgusida Xorazm viloyati hududida sotilishi rejalashtirilganligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan, mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasining 2-qismi va 273-moddasining 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, tergov harakatlari davomida uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha zarur choralar amalga oshirilmoqda.