Germaniyada AQSh Federal zaxira bankida saqlanayotgan oltin zaxiralari borasida xavotirlar kuchaymoqda. Siyosatchilar va moliya sohasidagi ba’zi mutaxassislar oltinni o‘z yurtiga — Germaniyaga qaytarish kerakligini aytishmoqda.
Ularning fikricha, AQSh Prezidenti Donald Trampning beqaror siyosati va Federal zaxira tizimiga bosimi xalqaro ishonchga putur yetkazmoqda.
Hozirda Germaniya Markaziy banki (Bundesbank) dunyodagi eng katta oltin zaxiralaridan biriga ega — jami 3 351 tonna. Bu zaxiralarning katta qismi, ya’ni 37 foizi (1 236 tonna) hanuzgacha Nyu-Yorkdagi Federal zaxira bankining yerosti omborlarida saqlanadi. Oltinning qolgan qismi Germaniyaning o‘zida, shuningdek, London va Parijdagi banklarda joylashgan.
Bu oltinlar Germaniyada asosan 1950–60-yillarda, eksportdan tushgan daromadlar evaziga to‘plangan. Sovuq urush davrida esa ularni Germaniyadan tashqarida, xususan, AQShda saqlash strategik jihatdan xavfsiz deb hisoblangan.
Ammo bugungi siyosiy vaziyat bu fikrni o‘zgartirmoqda. Donald Trampning xalqaro bitimlardan chiqish qarorlari, siyosiy keskinliklar va moliyaviy majburiyatlarga bo‘lgan yondashuvi Germaniyada ishonchsizlik uyg‘otmoqda.
Ayrim parlament a’zolari va ekspertlar Bundesbankni oltin zaxiralari ustidan nazoratni to‘liq tiklashga chaqirmoqda.
Aslida Germaniya 2013–2017-yillarda ham katta hajmdagi oltinni qaytarib olgan edi: 300 tonna AQShdan va 374 tonna Fransiyadan olib kelingan. Natijada Germaniyadagi oltin ulushi keskin oshgan. Ammo hanuz ming tonnadan ortiq boylik xorijda qolmoqda.
Bundesbank hozircha Federal zaxira tizimini ishonchli deb hisoblayotganini bildirmoqda. Biroq siyosiy beqarorlik ortib borayotgan bir paytda, bu yondashuv uzoqqa cho‘zilmasligi mumkin. Oltin — nafaqat moliyaviy zaxira, balki mustaqillik va suverenitet ramzi sifatida ham qaralmoqda. Germaniyada bu boradagi bahslar yaqin haftalarda kuchayishi kutilmoqda.