Janubiy Koreya hukumati O‘zbekiston statistika tizimini rivojlantirish maqsadida 3,8 million dollar miqdorida qaytarilmaydigan grant ajratdi. Ushbu mablag‘ hisobidan O‘zbekistonda CATI (Computer Assisted Telephone Interviewing) tizimi joriy qilinadi.
Milliy statistika qo‘mitasi va Koreya Respublikasi Statistics Korea idorasi o‘rtasida 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan “Statistika salohiyatini oshirish” loyihasi boshlandi. Loyiha raqamli texnologiyalarni joriy etish va xalqaro tajribalarni o‘zlashtirishga qaratilgan.
Qo‘mita matbuot kotibi Usmon Abdrasulovning ma’lum qilishicha, CATI tizimi orqali statistika ma’lumotlari telefon orqali avtomatik tarzda yig‘iladi. Bu tizim sun’iy intellekt yordamida tanlangan aholi vakillariga avtomatik qo‘ng‘iroqlar qilib, savollarga javob olish imkonini beradi.
Hozirda an’anaviy tanlanma kuzatuvlarda xodimlar joylarga chiqib, interv’yu o‘tkazsa, yangi tizim vaqt va mablag‘larni tejaydi hamda tezkor va aniq ma’lumot yig‘ishga yordam beradi.
Grant mablag‘lari, shuningdek, xodimlar malakasini oshirish, zamonaviy o‘quv xonalari tashkil etish hamda ma’lumotlar integratsiyasini yo‘lga qo‘yishga sarflanadi. Ma’lumotlar bojxona, soliq kabi davlat organlaridan avtomatik ravishda yig‘ilib, ishonchli platformalarda tahlil qilinadi.
Koreya statistikasi rivojlanish instituti loyihasi menejeri Kim Kvangsupning ta’kidlashicha, loyiha O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga o‘z hissasini qo‘shadi.