Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Iqtisodiyot

Yangi avtomobillar narxi oshganligi sabablari izohlandi

Nilufar Qobilova 27.05.20252 daqiqa o'qiladi
115

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan pul-kredit siyosati doirasida ichki avtomobil bozori dinamikasi tahlil qilindi. Hisobotda yangi va eski, kam va ko‘p foydalanilgan avtomobillar narxlari alohida o‘rganildi.

2023-yil mart oyidan boshlab yangi avtomobillar narxi so‘m va dollarda sezilarli pasayish ko‘rsatdi. Biroq 2025-yildan boshlab narxlarning o‘sish tendensiyasi qayd etilmoqda. Xususan, 2025-yil mart oxirida yangi avtomobillar ikkilamchi bozordagi narxlar so‘mda 4,7%, dollarda esa 1,6%ga oshgan.

Markaziy bank bu holatni ichki bozorda yangi mashinalarga talab yuqoriligi hamda import hajmining sezilarli kamayishi bilan izohladi.

Eski avtomobillar narxlari esa farqli tendensiyani ko‘rsatmoqda: dollardagi narxlar 2023-yil sentyabrigacha, so‘mdagi narxlar esa 2024-yil o‘rtalarigacha yuqori bo‘lgan, ammo keyingi davrlarda har ikkala indeksda narxlar pasaymoqda.

Markaziy bank fikricha, eski avtomobillarning narxining pasayishi bozorda yangi mashinalarga bo‘lgan talab oshgani, ya’ni aholi sifat, kafolat, yonilg‘i samaradorligi va yangi texnologiyalarga afzallik berayotganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, kredit va lizing imkoniyatlari asosan yangi avtomobillar uchun qo‘llanayotgani ham narxlar pasayishiga ta’sir qilmoqda. Avtomobilning investitsion jozibadorligi pasayishi ham narxlar bo‘yicha kutilmalarni shakllantirmoqda.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil birinchi choragida avtomobil importi keskin kamaygan: 6 794 ta yengil avtomobil olib kirilgan, bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 3,2 barobar kam. Import qiymati esa 4,2 barobar pasayib, 115 million dollarni tashkil etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2025-yil aprel oyida yengil avtomobillar savdosi 20%ga o‘sdi. Birlamchi bozorda sotuvlar aprel oyida 15% oshib, 26 ming dona avtomobilni tashkil etdi. Mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar sotuvi ham 20,5 mingga yetib, o‘tgan oyga nisbatan 4%ga o‘sgan.

2025-yil mart oyida foydalanilgan yengil avtomobillar bozorida faollik biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, aprel oyida savdolar 22%ga oshib, sotilgan avtomobillar soni 52 ming donaga yetdi.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *