O‘zbekiston hukumati mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida faqat milliy mahsulotlar sotiladigan yirik savdo markazlari — Mall of Uzbekistanni ishga tushirish rejasini ma’lum qildi. Bu yerdagi savdo do‘konlari tadbirkorlarga minimal narxda ijaraga beriladi.
Mamlakatda 4 mingdan ortiq tayyor kiyim-kechak, charm, poyabzal va attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lsa-da, ularning mahsulotlarini keng jamoatchilikka yetkazish uchun bunday markazlar yo‘q edi.
Yangi savdo markazlarida tadbirkorlarga savdo do‘konlari minimal ijaraga beriladi, bu esa milliy mahsulotlarning bozorga chiqishini osonlashtiradi.
Shuningdek, to‘qimachilik va charm-poyabzal sanoatidagi korxonalar uchun soliq imtiyozlari taqdim etildi: foyda solig‘i 2 foizga, ijtimoiy soliq esa 1 foizga tushiriladi. Ishchilarining 15 foizi ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan korxonalarda bu me’yor ikki barobar kamaytiriladi. Endi nogironligi bor ishchilar ham imtiyoz olish uchun hisobga olinadi.
Bundan tashqari, Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil etilib, u xorijdan brend-menejerlar, piar-menejerlar va marketologlarni jalb qiladi hamda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun faol ishlaydi.