O‘zbekiston hukumati mebel sanoatidagi tannarxning taxminan 50-60 foizi import qilinadigan xomashyo hisobiga to‘g‘ri kelishini aniqladi. Shu munosabat bilan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar asosiy xomashyo — furnitura, aksessuarlar, bo‘yoq, kley, DSP va boshqa materiallarga import bojlarini kamaytirishni talab qilishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida bunday chorani ma’qulladi.
Natijada, mas’ul idoralarga 14 turdagi xomashyo, furrnitura va aksessuarlar uchun import bojini 3 yil davomida 1 foizga tushirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash topshirildi.
Bundan tashqari, mebel ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan tarzda import qilish tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu chora mebel mahsulotlarining tannarxini pasaytirib, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga va bozordagi raqobatni oshirishga xizmat qiladi.