So‘nggi yillarda milliarderlarda ekologik barqarorlik va yashil texnologiyalarga qiziqish ortib bormoqda. Ular o‘z uylarini qurishda innovatsion va atrof-muhitga kam zarar yetkazadigan yechimlarni tanlashmoqda. Dunyo bo‘ylab yashil qurilish bozori 2024-yilda 565 milliard dollarga yetib, o‘n yil ichida 1,37 trillion dollargacha o‘sishi kutilmoqda.
Elon Musk — Texasdagi kichik modulli uy

Elon Musk, dunyoning eng badavlat insoni, Texasdagi Boka-Chika hududida 37 kvadrat metrlik modulli Boxabl Casita uyida yashaydi. Bu uy qayta ishlangan materiallardan qurilgan bo‘lib, innovatsion qoplama — Magnesium Oxide bilan mustahkamlangan. Quyosh panellari va Tesla Powerwall batareyalari orqali mustaqil energiya bilan ta’minlangan. Bu uy ekologik toza bo‘lishi bilan birga, modulli konstruktsiyasi tufayli qurilishda tabiiy muhitga zarar kam yetadi.
Mark Sukerberg — Kaliforniyadagi “aqlli” ekologik uy

Meta asoschisi Mark Zuckerbergning 520 kvadrat metrlik uyi qayta ishlangan yog‘och va paxta materiallaridan qurilgan, quyosh panellari o‘rnatilgan, aqlli uy tizimlari orqali energiya tejaydi. U suv tejash uchun mahalliy va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekilgan bog‘ga ega. Gavai orolidagi yangi rezidensiyalar esa ekologik jihatdan zamonaviy bo‘lishiga qaramay, tabiiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgani uchun tanqidga uchragan.
Larry Ellison — tabiiy landshaft bilan uyg‘unlik

Oracle asoschisi Larry Ellison Kaliforniyada joylashgan yapon uslubidagi 10 gektar maydonli rezidensiyasida yomg‘ir suvi yig‘ish va tabiiy o‘simliklar yordamida tabiiy sovutish tizimini yaratgan. Uy ekologik toza yog‘ochlardan qurilgan va geotermal isitish tizimi ishlatiladi.
Bill Gates — tabiiy elementlar bilan uyg‘unlik

Microsoft asoschisi Bill Gatesning Washington shtatidagi uyi tabiiy landshaftka moslashtirilgan. Geotermal nasoslar yordamida isitiladi va yomg‘ir suvi yig‘ish tizimi mavjud. Uydagi 500 yoshga yaqin daraxtlar uy atrofidagi mikroiqlimni barqarorlashtiradi.
Mukesh Ambani — Mumbaydagi vertikal bog‘li “Antiliya”

Eng boy hind biznesmeni Mukesh Ambani Mumbaydagi 27 qavatli “Antiliya” binosida quyosh panellari va vertikal bog‘larni o‘rnatgan. Bu bog‘lar bino ichidagi haroratni pasaytiradi va havoni tozalaydi. Shuningdek, binoda suvni tejash tizimlari joriy etilgan.
Richard Branson — Necker orolidagi ekologik kurort

Virgin Group asoschisi Richard Branson Britaniya Virjin orollaridagi Necker orolini qayta tiklanadigan energiya manbalari (quyosh va shamol) bilan ta’minlaydi. Orolda faqat elektr transport ishlatiladi va mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari ustunlik qiladi. Kurort ekologik barqarorlik bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi.
Tom Steyer — San-Fransiskodagi ekologik uy

AQShdagi taniqli investor Tom Steyerning uyi quyosh panellari, shamol turbinalari va gidroponik bog‘lar bilan jihozlangan. Bu uy elektr ta’minoti uzilishi vaqtida mustaqil ishlay oladi va kam suv sarflaydi.