O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2025—2026-yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan farmonga muvofiq, O‘zbekistonliklar uchun AQSH vizasi talablari yengillashtirilishi kutilmoqda.
Farmonda belgilanishicha, Tashqi ishlar vazirligi 3 oy muddatda AQSH fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz kirish tartibini joriy qilish hamda O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSHga kirish vizasi talablarini yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlashi va natijalari bo‘yicha taklif kiritishi lozim.
Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolari uchun O‘zbekistonga ichki hujjat yoki ID-karta bilan, shuningdek, 16 yoshga to‘lmaganlar uchun “kinder pasport” bilan 30 kungacha kirish rejimi joriy qilinishi rejalashtirilgan.
2025-yil 1-iyundan boshlab Bahrayn, Kuvayt va Ummon fuqarolari uchun ham O‘zbekiston hududiga 30 kunlik vizasiz kirish tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, 1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejim ishga tushadi, bu esa ikki davlat fuqarolariga 30 kungacha vizasiz sayohat qilish imkonini beradi.
Farmonda 2025 yil oxirigacha 15,8 million nafar xorijiy turistlarning O‘zbekistonga safarini tashkil etish va turizm xizmatlari eksportini 4 milliard dollarga yetkazish kabi maqsadlar belgilangan.