Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan ajratilgan subsidiyalarni maqsadli ishlatish holati o‘rganildi. Tekshiruvlar davomida Farg‘ona shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan yirik miqdordagi mablag‘lar talon-toroj qilingani aniqlandi.
29 nafar haqiqatan ishsiz bo‘lmagan shaxslarga asossiz 145 million so‘mlik subsidiyalar berilgan, shuningdek, subsidiyaga ariza bermagan yana 8 nafar fuqaro nomiga 34,2 million so‘mlik mablag‘lar noqonuniy ajratilgan.
Bundan tashqari, fuqaro nomidan, ularning xabarisiz, 21 million so‘mlik tikuv mashinalari subsidiyasi berilgani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan va ushbu mahsulotlar o‘zlashtirilgan.
Natijada, Farg‘ona shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqa shaxslar tomonidan 213 million so‘mlik davlat subsidiyasi talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.