Argentinalik futbolchi Lionel Messining gollaridan biri xayriya auksionida sotiladigan san’at asariga aylantiriladi. Bu haqda Independent xabar berdi.
Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi 22-may kuni, faoliyati davomida kiritgan barcha gollaridan qaysi biri o’zi uchun eng qadrli ekanini tanlaydi. Shundan so‘ng, rassom Rafiq Anadol tanlangan gol asosida san’at asari yaratadi.
Asar Nyu-Yorkdagi kimoshdi savdosida namoyish etiladi. Namoyishni 11-iyun kuni “Christie’s” auksion uyi tashkillashtiradi. Auksion g‘olibi 25-iyul kuni e’lon qilinadi. Sotuvdan tushgan pul xayriya uchun sarflanadi.
“Barcha gollardan faqat bittasini tanlash juda qiyin. Ularning har biri o‘ziga xos, ba’zilari esa haqiqatan ham muhim yoki aql bovar qilmaydigan xotiralarni uyg‘otadi. Ammo bu noyob loyihani amalga oshirish uchun ulardan birini sevimli deb ta’kidlash maqsadga muvofiq. Buning ortida katta maqsad turibdi”, — deya qayd etdi Leo Messi.
Messi tarixdagi eng muvaffaqiyatli futbolchilardan biri hisoblanadi. Hozirda u AQShning “Inter Mayami” klubi va Argentina terma jamoasi sardoridir.