2031-yilgacha 10 mln yoshni raqamli ko‘nikmalar va kelajak kasblariga jalb qilish rejalashtirilgan. Buning uchun IT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi va sertifikat hamda ishga joylashishga bog‘langan vaucherlar tizimi joriy qilinadi. Bu Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-son farmoni bilan tasdiqlangan ta’lim milliy dasturida belgilangan.
Qachon va qanday
Farmonning 2-ilovasiga ko‘ra, quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi 2027-yil yanvargacha ishlab chiqiladi:
- hududlar kesimida raqamli ko‘nikmalar dasturini tasdiqlash;
- IT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etish;
- sertifikat va bandlikka bog‘langan vaucherlar tizimini joriy etish.
Ijroga Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasbiy ta’lim agentligi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul.
O‘zbek tilidagi sun’iy intellekt
Shu dastur doirasida o‘zbek tilini raqamli dunyoda ilm va texnologiya tiliga aylantirish bo‘yicha ham hukumat qarori loyihasi 2027-yil yanvargacha tayyorlanadi. Unda o‘zbek tilidagi adabiyot va qo‘llanmalarni raqamlashtirish hamda o‘zbek tilidagi sun’iy intellekt modellarini, xususan, katta til modellarini o‘qitishda foydalanish choralari belgilanadi.
Bu kimga tegishli?
IT yoki sun’iy intellekt sohasida kasb o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga. Vaucher bilan kurs pulini davlat qoplaydi, lekin u sertifikat olish va ishga joylashish bilan bog‘lanadi. Aniq tartib hukumat qarori chiqqach ma’lum bo‘ladi.



