“my.gov.uz” portali pensionerlarni firibgarlardan ogohlantirdi: noma’lum shaxslar o‘zini rasmiy idora xodimi deb tanishtirib, “30–50 foiz chegirmali sanatoriy yo‘llanmasi” bahonasida telefonga kelgan SMS-kodni so‘ramoqda.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining rasmiy Telegram kanalidagi ogohlantirishga ko‘ra, so‘nggi kunlarda keksa yoshdagi fuqarolarga shunday qo‘ng‘iroqlar bo‘lmoqda. Qo‘ng‘iroq qiluvchilar “sanatoriyga yo‘llanmani chegirma bilan rasmiylashtirib beramiz” deydi va telefon raqamga kelgan SMS-kodni yoki bank kartasi ma’lumotlarini aytishni so‘raydi.
Firibgarlikdan ko‘rilgan zarar 9 oyda 278 milliard so‘mga yetgan, shu bois bunday qo‘ng‘iroqda kodni aytib yuborish qimmatga tushishi mumkin.
Rasmiy sanatoriy yo‘llanmasi qanday olinadi?
Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun rasmiy sanatoriy yo‘llanmasi bepul beriladi va “my.gov.uz” portalida navbatga turish orqali olinadi.
Portalning ma’lum qilishicha, davlat idoralari va ijtimoiy xodimlar telefon orqali chegirmali yo‘llanma taklif qilmaydi. “Telefon orqali 30–50 foiz chegirmali aksiya” degan narsa umuman mavjud emas.
Nima qilish kerak?
Portal quyidagi qoidalarga amal qilishni so‘raydi:
- SMS-kod, karta raqami yoki parolni hech kimga aytmang — o‘zini bank, “my.gov.uz”, Pensiya jamg‘armasi yoki huquqni muhofaza qilish organi xodimi deb tanishtirgan odamga ham.
- Kod so‘ralsa, qo‘ng‘iroqni darhol tugating.
- Keksa yaqinlaringizni bu haqda ogohlantiring — firibgarlar asosan ularni nishonga oladi.
Shubha tug‘ilsa, “my.gov.uz” yagona aloqa markaziga (1242) yoki ichki ishlar organlarining ishonch telefoniga (102) qo‘ng‘iroq qilish mumkin. IIV esa firibgarlarga o‘tgan pulni darhol kuzatadigan markaz ochishni rejalashtirmoqda.




