Javohir Sindarov bugun, 24-noyabrda, Shveytsariyaning Jeneva yaqinidagi Kologni shahrida amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan jahon chempionligi matchining birinchi partiyasini o‘ynaydi. Rang qur’asi tashlandi: birinchi partiyada Sindarov oq donalar bilan boshlaydi, deb xabar berdi O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi.
Match Fondation Martin Bodmer binosida 22-noyabrdan 12-dekabrgacha o‘tadi. Jami 14 ta klassik partiya o‘ynaladi, birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan o‘yinchi chempion bo‘ladi. Hisob 7:7 bo‘lsa, 12-dekabrda tezkor (rapid) tie-break o‘tkaziladi. Toq partiyalarda Sindarov, juft partiyalarda Gukesh oq donalar bilan o‘ynaydi.
Qancha pul o‘ynaladi?
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) e’lon qilganiga ko‘ra, sovrin jamg‘armasi 2,5 million dollar. Har bir yutilgan klassik partiya uchun o‘yinchi 200 ming dollar oladi, qolgan summa ikkalasi o‘rtasida teng bo‘linadi. Match 7,5:6,5 yoki 8:6 hisobida tugasa, g‘olib 1,3 million, ikkinchi o‘yinchi 1,2 million dollar oladi; tie-break bilan hal bo‘lganda ham taqsimot shunday.
Raqiblarning o‘rtacha yoshi 20,8 yosh. Federatsiya ma’lumotiga ko‘ra, bu 1886-yildan beri o‘tkazilgan jahon chempionligi matchlari orasida eng past ko‘rsatkich.
Partiyalar qachon boshlanadi?
Partiyalar Jeneva vaqti bilan soat 15:00 da, ya’ni Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi. Vaqt nazorati: dastlabki 40 yurish uchun 120 daqiqa, keyin partiyaning qolgan qismi uchun 30 daqiqa, 41-yurishdan boshlab har yurishga 30 soniya qo‘shiladi. Dam olish kunlari: 27-noyabr, 1, 5 va 9-dekabr.
Shaxmat federatsiyasi Toshkentdagi Webster universitetida muxlislar uchun bepul fan-zona tashkil qildi. U 18:30 dan ochiladi, kirish uchun ro‘yxatdan o‘tish shart emas.




