O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Aral Chess 2026 xalqaro turnirining yangilangan nizomini e’lon qildi. Musobaqa 9–14-dekabr kunlari Nukusda o‘tadi, umumiy mukofot jamg‘armasi 350 million so‘mni tashkil etadi.
Turnirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamkorlikda tashkil etmoqda. Bu haqda federatsiya o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Turnir qanday o‘tadi?
Nizom va turnirning rasmiy saytiga ko‘ra, o‘yinlar 9 turli shveytsar tizimida, FIDE qoidalari bo‘yicha o‘tkaziladi. Har bir o‘yinga 90 daqiqa va har yurish uchun 30 soniya qo‘shimcha vaqt beriladi.
Ishtirokchilar ikki guruhga bo‘linadi. A guruhiga reytingi 1800 va undan yuqori o‘yinchilar hamda reytingi 2400 dan yuqori 10 nafar taklif etilgan xorijlik shaxmatchi kiradi. B guruhida reytingi 1999 va undan past hamda reytingsiz o‘yinchilar bellashadi.
Mukofotlar qancha?
Mukofot jamg‘armasining 210 million so‘mi A guruhiga, 140 million so‘mi B guruhiga ajratilgan. A guruhida birinchi o‘rin uchun 50 million so‘m, B guruhida 15 million so‘m beriladi. Ayollar, 50 va 65 yoshdan oshganlar hamda yoshlar uchun alohida sovrinlar ham belgilangan.
Qachongacha ro‘yxatdan o‘tish mumkin?
Ro‘yxatdan o‘tish 1-dekabrgacha reg.uzchess.uz orqali amalga oshiriladi. Keyinroq ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonlik ishtirokchilar qo‘shimcha 300 ming so‘m, xorijliklar 50 AQSH dollari to‘laydi. Xalqaro grossmeyster va xalqaro ustalar uchun ishtirok bepul.
Musobaqa Nukus shahridagi 1-sonli shahar sport maktabida o‘tkaziladi. Taklif etilgan xorijlik o‘yinchilarning ismlari hozircha e’lon qilinmagan.




