Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-son qarori bilan ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun yagona reyestr joriy etiladi. Unga ko‘ra, ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi har bir shaxsga umrbod o‘zgarmaydigan ilmiy identifikatsiya raqami beriladi.
Reyestrni kim yuritadi
Reyestrni Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi maxsus axborot tizimi orqali yuritadi. Reyestrga ilmiy, ilmiy-madaniy yoki innovatsion yo‘nalishda ishlaydigan yuridik shaxslar faoliyat turi ko‘rsatilgan holda kiritiladi.
Ariza qanday beriladi
Arizani tashkilot rahbari yoki asosiy shtatdagi mas’ul xodim Davlat xizmatlari markaziga borib yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali beradi. Arizaga elektron so‘rovnoma va mas’ul xodim belgilangani haqidagi xat ilova qilinadi.
- Xizmat bepul, yig‘im olinmaydi.
- Ariza 4 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
- Kamchilik topilsa, ariza qaytariladi va uni 3 ish kunida tuzatib, qayta yuborish kerak. Aks holda ariza avtomatik bekor bo‘ladi.
- Ijobiy xulosa berilsa, agentlik direktori 1 ish kuni ichida tashkilotni reyestrga kiritadi.
Reyestrga kirish uchun tashkilot O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va “Yagona milliy mehnat tizimi”da mavjud bo‘lishi shart. Arizani faqat uch holatda rad etish mumkin: hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumot bo‘lsa, zarur hujjat taqdim etilmasa yoki tashkilot talablarga mos kelmasa. Boshqa asos bilan rad etish taqiqlanadi.
Olimlarga ilmiy identifikatsiya raqami
Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarga ilmiy identifikatsiya raqami avtomatik tarzda beriladi. Raqam bir marta beriladi va butun faoliyat davomida o‘zgarmaydi. Shaxsiy ma’lumotlar, masalan, familiya o‘zgarsa ham raqam o‘sha bo‘lib qoladi. Raqam boshqa shaxsga berilmaydi va qayta yaratilmaydi. Bu xizmat ham bepul.
Reyestrdagi tashkilot xodimlarining barchasi ilmiy identifikatsiya raqamiga ega bo‘lishini nazorat qilish tashkilot rahbari zimmasiga yuklatiladi.
Reyestrga kirgan tashkilot nima oladi
Reyestrga kiritilgan tashkilot uchun shaxsiy kabinet ochiladi. U agentlikning axborot tizimlaridan foydalanadi, loyiha va tanlovlarga ariza topshiradi. Tashkilot va xodimlarning ilmiy faoliyatiga oid ma’lumotlar shu kabinetda to‘planib boradi. Agentlik har yili yo‘nalishlar bo‘yicha tashkilotlar va olimlarning faolligi haqida tahliliy ma’lumot e’lon qiladi.
Muhim muddatlar
- 2027-yil 1-yanvargacha reyestr uchun maxsus axborot tizimi ishga tushiriladi.
- 2027-yil 1-fevralgacha ro‘yxatdan o‘tish xizmati Davlat xizmatlari markazlari va my.gov.uz’da yo‘lga qo‘yiladi.
- 2027-yil 1-aprelgacha ilmiy va innovatsion faoliyatga oid yagona elektron baza ishga tushiriladi.
Shu qaror bilan olimlarga Science ID orqali 10 foizgacha qo‘shimcha haq belgilash tartibi ham joriy etilgan. Avvalroq ilmiy kengashlar 100 ballik reyting bilan baholanishi haqida xabar bergan edik.




