Nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatadigan o‘quv markazlari va repetitorlik bilan shug‘ullanadigan yakka tadbirkorlar uchun binolarga qo‘yiladigan minimal talablar yangilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-son qarori bilan faoliyatni boshlash haqida xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga kiritilgan o‘zgartishda belgilangan.
Xonalar uchun minimal maydon
Yuridik shaxslar uchun:
- to‘garak mashg‘ulotlari xonasi — 15 kv.m;
- ustaxona — 30 kv.m (agar mavjud bo‘lsa);
- studiya va individual mashg‘ulotlar xonasi — jami 20 kv.m (agar mavjud bo‘lsa);
- umumnazariy va umumta’lim laboratoriya xonalari — 25 kv.m (agar mavjud bo‘lsa).
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun dars mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xona 15 kv.m bo‘lishi yetarli.
Proyektor va yoritish faqat yuridik shaxslardan talab qilinadi
O‘quv xonasida bitta elektron yoki oddiy doska bo‘lishi shart. Proyektor va xonaning 400 lyuks yoritilganlik darajasi esa endi faqat yuridik shaxslardan talab qilinadi. Yakka tadbirkorlar uchun bu ikki talab qo‘llanilmaydi.
Davlat binosida ishlasa, xulosani muassasa oladi
Yakka tadbirkor davlat muassasasi binosida dars o‘tkazsa, bino talablarga mosligi haqidagi tegishli xulosalarni bino tegishli bo‘lgan davlat muassasasining o‘zi oladi. Ya’ni maktab yoki boshqa davlat muassasasidan xona ijaraga olgan repetitor bu xulosalarni o‘zi to‘plashi shart emas.




