Shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi uchun Javohir Sindarov va amaldagi chempion Gukesh o‘rtasidagi match 24-noyabrda boshlanadi. Birinchi partiya Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da o‘ynaladi, mukofot fondi 2,5 million dollar.
Jahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) ma’lum qilishicha, match 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveytsariyada, Jeneva yaqinidagi Kologni (Cologny) hududida, Martin Bodmer jamg‘armasi binosida o‘tadi. Sindarov 2026-yil aprelida Kiprdagi nomzodlar turnirida g‘olib bo‘lib, klassik jahon chempionati matchiga chiqqan birinchi o‘zbek shaxmatchisi bo‘ldi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, Sindarov birinchi partiyani oq donalarda boshlaydi, deb xabar berdi Yoshlar ishlari agentligi. Jami 14 ta partiya rejalashtirilgan.
Kim g‘olib bo‘ladi va vaqt nazorati qanday?
Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan o‘yinchi chempion bo‘ladi. Har bir partiyada dastlabki 40 yurish uchun 120 daqiqa, qolgan o‘yin uchun 30 daqiqa beriladi, 41-yurishdan boshlab har yurishga 30 soniya qo‘shiladi. 14 partiyadan keyin hisob 7:7 bo‘lsa, 12-dekabrda tezkor partiyalar o‘ynaladi.
Mukofot fondi qanday taqsimlanadi?
Umumiy fond — 2,5 million dollar. FIDE qoidalariga ko‘ra, har bir yutilgan partiya uchun o‘yinchiga 200 ming dollar beriladi, qolgan summa ikkalasi o‘rtasida teng bo‘linadi. Hisob 7,5:6,5 bo‘lib, 13 partiya g‘alaba bilan tugasa, g‘olib 1,3 million, ikkinchi o‘rindagi esa 1,2 million dollar oladi. Sindarov va Abdusattorov o‘tgan yili xalqaro turnirlarda jami 700 mingdan ortiq dollar mukofot yutib olgan edi.
Partiyalar qachon o‘ynaladi?
Partiyalar 24, 25, 26, 28, 29 va 30-noyabr, 2, 3, 4, 6, 7, 8, 10 va 11-dekabr kunlari o‘tkaziladi; 27-noyabr, 1, 5 va 9-dekabr — dam olish kunlari. Bahslar FIDE’ning YouTube kanalida Piter Leko va Piter Svidler sharhi bilan efirga uzatiladi.




