Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 994.10 +6.94 EUR 13 420.20 +26.95 RUB 145.79 −0.50

O‘zbekistonga 11,6 million sayyoh keldi: ularning qariyb 73 foizi uchta davlatdan

O‘zbekistonga 11,6 million sayyoh keldi: ularning qariyb 73 foizi uchta davlatdan

2026-yilning dastlabki 10 oyida O‘zbekistonga 11,6 milliondan ortiq xorijiy fuqaro turistik maqsadlarda tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,4 foizga ko‘p. Sayyohlar oqimining asosiy qismi esa uchta qo‘shni davlat — Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 11 622 103 nafarni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davridan qariyb 1,9 million nafarga ko‘p.

Birgina oktabr oyida mamlakatga 1,3 milliondan ortiq xorijiy fuqaro turistik maqsadlarda kelgan.

Har to‘rt sayyohdan qariyb uchtasi uchta davlatdan

Statistikani mamlakatlar kesimida tahlil qilsak, O‘zbekistonga keluvchilar orasida Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilik qilayotgani ko‘rinadi.

Birinchi o‘rinda Qirg‘iziston turibdi. Ushbu mamlakatdan 10 oyda 3 million 180 mingdan ortiq fuqaro tashrif buyurgan.

Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston (2,7 million) va Tojikiston (2,55 million) egallagan.

Uchala davlatdan jami 8 436 951 nafar xorijiy fuqaro kelgan. Bu barcha tashriflarning 72,6 foizi degani.

Rossiyadan kelganlar soni 1,1 milliondan oshgan. Afg‘oniston va Xitoydan esa har biridan 430 ming nafardan ortiq kishi tashrif buyurgan.

Quyidagi taqqoslashda qaysi mamlakatlar sayyohlar oqimida yetakchilik qilayotganini ko‘rish mumkin.

11,62 mln
xorijiy tashrif

↑ 19,4% yillik o’sish


Oktabr: 1,3 mln+
Barcha tashriflarning asosiy qismi
72,6%

uchta qo’shni davlat hissasiga
● Qirg’iziston 27,4%
● Qozog’iston 23,3%
● Tojikiston 22%
● Boshqalar 27,4%
Qaysi davlatlardan eng ko’p kelishgan?
1. Qirg’iziston3 180 403
2. Qozog’iston2 703 401
3. Tojikiston2 553 147
4. Rossiya1 104 057
Qolgan 6 ta davlatni ko’rish
5. Afg’oniston432 651
6. Xitoy430 326
7. Turkmaniston289 933
8. Turkiya169 553
9. Hindiston64 344
10. Germaniya50 846
Ustunlar eng katta ko’rsatkichga nisbatan masshtablangan. Ulushlar jami 11 622 103 ta tashrifga nisbatan hisoblangan.

Manba: O’zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo’mitasi.

O‘tgan yilgi yillik ko‘rsatkichga 10 oyda yaqinlashildi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga taxminan 11,7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.

2026-yilning dastlabki 10 oyidagi ko‘rsatkich esa 11,62 millionga yetdi. Ya’ni mamlakat joriy yil yakunlanmasidan turib, o‘tgan yilning to‘liq yillik natijasiga deyarli yetib kelgan.

Shuningdek, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida sayyohlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,4 foizga oshgan edi. Yanvar–oktabr yakunida yillik o‘sish sur’ati 19,4 foizni tashkil etdi.

Xitoydan kelayotganlar soni ham ortmoqda

O‘zbekiston turizmida qo‘shni davlatlar asosiy o‘rinni egallayotgan bo‘lsa-da, uzoqroq bozorlardan tashriflar ham ko‘paymoqda.

Xususan, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Xitoydan kelgan sayyohlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 baravar oshgani ma’lum qilingan.

O‘n oylik natijaga ko‘ra, Xitoydan 430 326 nafar, Turkiyadan 169 553 nafar, Hindistondan 64 344 nafar va Germaniyadan 50 846 nafar fuqaro tashrif buyurgan.

11,6 million sayyoh deganda aynan kimlar nazarda tutiladi?

Bu statistikani talqin qilishda muhim jihat bor. Rasmiy hisobdagi «turistik maqsadlarda kelgan xorijiy fuqarolar» tushunchasi faqat tarixiy obidalarni tomosha qilish yoki dam olish uchun kelgan kishilar bilan cheklanmaydi.

Statistika metodologiyasida qarindoshlarni yo‘qlash, xizmat safari, davolanish va boshqa safar maqsadlari ham tegishli toifalar doirasida hisobga olinadi.

Masalan, Milliy statistika qo‘mitasining 2025-yil yanvar oyiga oid batafsil ma’lumotida turistik maqsadlarda kelgan 678,7 ming kishining 461 mingdan ortig‘i qarindoshlarini yo‘qlash uchun tashrif buyurgani ko‘rsatilgan.

Shu sababli 11,6 millionlik ko‘rsatkichni faqat mehmonxonalarda yashagan yoki sayyohlik paketlarini xarid qilgan xorijliklar soni sifatida tushunish to‘g‘ri emas.

Shunday qilib, O‘zbekistonga xorijiy tashriflar soni sezilarli oshmoqda. Statistikada esa qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin aloqalar va mintaqaviy qatnovlar asosiy o‘rinni egallashda davom etmoqda.