Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 994.10 +6.94 EUR 13 420.20 +26.95 RUB 145.79 −0.50

Toshkent aeroportida telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatildi

Toshkent aeroportida telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatildi

Bojxona qo‘mitasi Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqladi. Qo‘mita bu qarorni IMEI-kodlarni tekshirish va telefonlarning qonuniy olib kirilganini aniqlash bilan bog‘liq masalalarga oydinlik kiritish zarurati bilan izohladi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda aeroportda ayrim telefonlar 30 kungacha ekspertizaga olib qolinayotgani, ularni bir kunda rasmiylashtirish uchun esa qo‘shimcha mablag‘ talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mazkur xabarlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov 30 kunlik ekspertiza va 400–1100 dollarlik tezkor rasmiylashtirish to‘lovlarining huquqiy asosini ochiqlashni talab qildi.

Bojxona qo‘mitasi nima dedi?

Qo‘mitaning tushuntirishicha, so‘nggi vaqtlarda mobil qurilmalarni bojxona chegarasidan olib o‘tishda IMEI-kodlarni soxtalashtirish, boshqa qurilmalarning identifikatorlaridan foydalanish va bir telefon ma’lumotlari orqali boshqa telefonlarni qonuniylashtirishga urinishlar ko‘paygan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan 185 ta holatda umumiy qiymati 8,8 milliard so‘mlik 1185 dona mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishi oldi olingan.

Qo‘mita IMEI-1 va IMEI-2 kodlarining bitta qurilmaga tegishli ekanini aniqlash hamda ushbu identifikatorlar bo‘yicha avval tarmoq hodisasi qayd etilganini tekshirish maxsus bilim va mutaxassislik talab qilishini bildirdi.

Rasmiylashtirish qachon tiklanadi?

Bojxona qo‘mitasi ayni paytda telefonlarning IMEI identifikatorlarini aniqlash va ularning qonuniy olib kirilganini tasdiqlash bilan bog‘liq ayrim masalalar hal etilguniga qadar rasmiylashtirish jarayoni vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Muammoga yagona huquqiy yechim topish uchun tegishli idoralar bilan hamkorlikda chora-tadbirlar belgilangan.

Qo‘mita qisqa muddatlarda vaziyatga oydinlik kiritilishi va bojxona rasmiylashtiruvi belgilangan tartibda davom ettirilishi uchun imkoniyat yaratilishini bildirdi.

Biroq jarayon aynan qaysi sanadan tiklanishi hozircha ma’lum qilinmagan.

30 kunlik ekspertiza va qo‘shimcha to‘lovlar masalasi nima bo‘ladi?

Bojxona qo‘mitasi bayonotida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 30 kunlik ekspertiza va bir kunda rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lovlar haqidagi xabarlarga ham to‘xtalgan.

Ammo rasmiy munosabatda 30 kunlik ekspertizaning huquqiy asosi yoki 400–1100 dollarlik tezkor rasmiylashtirish to‘lovlari mavjudligi tasdiqlanmagan. Shuningdek, bunday summalarni kim belgilagani yoki undirishga vakolatli ekani haqida ma’lumot berilmagan.

Qo‘mita fuqarolardan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikni so‘ragan.

Mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda korrupsiyaviy holatlarga duch kelgan yoki ushbu mavzuda savollari bo‘lgan fuqarolar 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkinligi bildirilgan.