O‘zbekistonda bir oy davomida suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 374 ta holat aniqlanib, 9 139 dona gaz balloni hamda qariyb 93 tonna suyultirilgan gaz musodara qilindi. Ichki ishlar vazirligiga aholiga gaz va ko‘mir yetkazib berish ustidan nazoratni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Bu haqda Ichki ishlar vazirligining 6-noyabr kuni e’lon qilgan rasmiy axborotida ma’lum qilindi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini ko‘mir, tabiiy hamda suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Bir oyda 374 ta noqonuniy gaz savdosi holati aniqlandi
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan bir oy davomida suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 374 ta holat aniqlangan.
Tekshiruvlar natijasida 9 139 dona gaz balloni va 92 tonna 936 kilogramm suyultirilgan gaz noqonuniy muomaladan musodara qilingan. Ushbu mahsulotlarni aholi iste’moliga qaytarish choralari ko‘rilgan.
Ko‘mir mahsulotlarini noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 16 ta holat ham aniqlangan. Jami 333 tonna 540 kilogramm ko‘mir musodara qilinib, aholining ehtiyojlari uchun yetkazib berilgan.
Shuningdek, oktabr oyida Samarqand viloyatidagi “Pastdarg‘omtumangaz” korxonasi xodimlari tomonidan aholiga ajratilgan gaz ballonlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holat aniqlangan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, ushbu holatda qiymati 32 million so‘mlik 3,1 tonna gaz mahsuloti musodara qilingan. Korxona xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov davom etmoqda.
Gaz va ko‘mir ta’minotida nimalar nazorat qilinadi?
Yig‘ilishda ichki ishlar organlari va hamkor tashkilotlarga energetika mahsulotlarini tashish, saqlash va aholiga yetkazib berish jarayonida nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Xususan, gaz to‘ldirish shoxobchalari, omborlar va taqsimlash bazalarida qo‘riqlash kuchaytiriladi. Temir yo‘l orqali tashilayotgan mahsulotlarning butligi va belgilangan manzilga yetib borishi nazorat qilinadi.
“Hududgazta’minot” AJ bilan hamkorlikda gaz ballonlarini belgilangan grafik asosida yetkazish, mahsulot hajmini hisobga olish va ta’minotdagi uzilishlar sabablarini o‘rganish vazifalari belgilandi.
Bundan tashqari, iste’molchilardan asossiz to‘lov talab qilish, gazni belgilangan me’yordan kam yetkazish va mahsulotlarni noqonuniy sotish holatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bu aholiga qanday ta’sir qiladi?
Kuz-qish mavsumida gaz va ko‘mirga talab ortishi sababli mahsulotlarning belgilangan manzilga to‘liq yetkazilishi muhim ahamiyatga ega.
Yangi topshiriqlar ayniqsa suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanadigan xonadonlar, ko‘mir bilan isitiladigan uylar va ijtimoiy soha obyektlarining ta’minotiga taalluqli.
Gaz ballonlari belgilangan vaqtda yetkazilmasa, mahsulot miqdori kam bo‘lsa yoki asossiz to‘lov talab qilinsa, fuqarolar bu haqda ta’minotchi tashkilotga murojaat qilishi mumkin.
Yig‘ilishda “Hududgazta’minot” bilan hamkorlikda iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ta’minotdagi uzilishlar sabablarini aniqlash vazifasi ham belgilandi.
Ichki ishlar vazirligi gaz va ko‘mirni taqsimlash jarayonida korrupsiya, noqonuniy vositachilik hamda talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha nazoratni kuchaytirishini ma’lum qildi.
