O‘zbekistonda texnogen favqulodda vaziyatlarda halok bo‘lgan fuqarolarning oilalariga 220 million so‘mgacha, og‘ir tan jarohati olganlarga esa 88 million so‘mgacha bir martalik moddiy yordam beriladi. Jabrlanganlar yordam olish uchun hodisa yuz bergan kundan boshlab 30 kun ichida tegishli komissiyaga murojaat qilishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-noyabrdagi 606-son qarori bilan texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplash tartibi tasdiqlandi. Yangi tartib 4-noyabrdan kuchga kirdi.
Qanday holatlarda moddiy yordam beriladi?
Yangi tartib transport avariyalari va halokatlari, kimyoviy xavfli hamda yong‘in-portlash xavfi mavjud obyektlardagi avariyalar, energetika va kommunal tizimlardagi nosozliklar, bino konstruksiyalarining to‘satdan buzilishi va boshqa texnogen favqulodda vaziyatlarga tatbiq etiladi.
Bunda hodisaning tegishli komissiya tomonidan favqulodda vaziyat sifatida e’tirof etilishi muhim.
Kimga qancha pul to‘lanadi?
Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, bir martalik moddiy yordamning eng yuqori miqdorlari quyidagicha:
- Halok bo‘lgan fuqaroning oila a’zolariga — 220 million so‘mgacha (500 BHM);
- Og‘ir tan jarohati olganlarga — 88 million so‘mgacha (200 BHM);
- O‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olganlarga — 66 million so‘mgacha (150 BHM);
- Yengil tan jarohati olganlarga — 44 million so‘mgacha (100 BHM).
Halok bo‘lgan fuqaroning turmush o‘rtog‘i, farzandlari, ota-onasi va qaramog‘idagi shaxslar moddiy yordam olish huquqiga ega. Belgilangan mablag‘ ular o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Muhim jihati, 220 million so‘m har bir oila a’zosiga alohida berilmaydi. Bu halok bo‘lgan bir fuqaro bo‘yicha yordamning eng yuqori miqdori bo‘lib, tegishli oila a’zolari o‘rtasida taqsimlanadi.
Aybdor aniqlanmasa, pulni kim to‘laydi?
Nizomga muvofiq, favqulodda vaziyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash majburiyati sud tomonidan aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatiladi.
Biroq sud aybdorlarni aniqlaguniga qadar jabrlanganlar moddiy yordamni kutib qolmasligi uchun alohida mexanizm nazarda tutilgan.
Bunday holatda yordam tegishli tuman yoki shahar hokimligi huzuridagi maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Aybdor deb topilgan shaxslar zararni belgilangan muddatda to‘liq qoplay olmagan taqdirda ham jamg‘arma mablag‘laridan foydalaniladi. Keyinchalik sarflangan mablag‘lar aybdor shaxslardan undiriladi.
Moddiy yordam olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Jabrlanganlar favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan kundan boshlab 30 kun ichida belgilangan shakldagi arizani tegishli komissiyaga taqdim etishi lozim.
Komissiya zararni baholaydi va tegishli dalolatnoma rasmiylashtiradi. Moddiy yordam komissiya hujjatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining tegishli qarorlari asosida ajratiladi.
Belgilangan tartibda yordamni jamg‘arma hisobidan to‘lash uchun 30 kunlik muddat nazarda tutilgan.
