Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 911.71 −29.94 EUR 13 319.67 −63.34 RUB 146.49 −1.16

O‘zbekistonda jinoyatchilik xavfi sun’iy intellekt yordamida prognoz qilinadi

O‘zbekistonda jinoyatchilik xavfi sun’iy intellekt yordamida prognoz qilinadi

O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida jinoyatchilik xavflarini oldindan aniqlash, kriminogen xaritalar tuzish va mahallalarning xavfsizlik darajasini baholash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Yangi mexanizm orqali huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin chora ko‘rish o‘rniga, uning oldini olishga ustuvor ahamiyat beriladi.

 

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

 

Taqdimotda kriminogen vaziyatni baholashning yangi modelini ishlab chiqish, davlat idoralarining axborot resurslarini yagona platformada birlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish taklif etildi.

 

Sun’iy intellekt jinoyatchilik xavfini qanday baholaydi?

 

Yangi tizimda jinoyatchilikka ta’sir qiluvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar, hududlardagi huquqbuzarliklar va boshqa ko‘rsatkichlar kompleks tahlil qilinishi nazarda tutilmoqda.

 

Buning uchun davlat idoralari ma’lumotlarini birlashtiradigan yagona kriminogen axborot platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

 

Sun’iy intellekt yordamida to‘plangan ma’lumotlar tahlil qilinib, jinoyatchilik xavflari prognoz qilinadi va kriminogen xaritalar shakllantiriladi.

 

Shuningdek, “kriminogen barqarorlik indeksi” joriy etilishi taklif qilinmoqda. Unda nafaqat rasmiy jinoyatchilik statistikasi, balki aholining o‘zini qanchalik xavfsiz his qilishi va yashirin jinoyatchilik ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi.

 

Mazkur tizim mahalla va hududlardagi xavf darajasini baholash, profilaktika choralarini manzilli tashkil etish hamda mas’ul idoralar faoliyati natijadorligini aniqlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

 

O‘zbekistonda 263 mingta tanib oluvchi kamera o‘rnatilgan

 

Taqdimotda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari ham ochiqlandi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika hududlarida:

 

  • 263 mingta tanib oluvchi kamera;
  • 70 mingta zamonaviy domofon;
  • 22 mingta tashvish tugmasi o‘rnatilgan.

 

Shuningdek, ijtimoiy profilaktika tadbirlari orqali 2,1 million nafar fuqaroning muammolari manzilli hal etilgani qayd etildi.

 

Kriminogen vaziyati eng og‘ir deb baholangan 809 ta mahallaning 701 tasi ushbu toifadan chiqarilgan. Qariyb 4,4 mingta mahalla esa xavfsizlik bo‘yicha “yashil” toifada qolmoqda.

 

Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonun yangilanadi

 

Taqdimotda 2014-yilda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

 

Qayd etilishicha, qonunga shu vaqtga qadar 20 dan ortiq o‘zgartirish kiritilganiga qaramay, ayrim normalar zamonaviy talablarga javob bermay qolgan.

 

Yangi qonun loyihasida kiberjinoyatchilik, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan mexanizmlarni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

 

Bundan tashqari, jinoyatdan jabrlanganlar va guvohlarning xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olishda ta’lim muassasalari hamda mahallalar ishtirokini kengaytirish rejalashtirilgan.

 

Hozirda huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan 14 ta davlat idorasi shug‘ullanmoqda. Ularning vazifalarini aniq chegaralash va profilaktika subyektlari doirasini yana 7 taga kengaytirish masalasi ham muhokama qilingan.

 

Prezident mutasaddilarga qonun loyihasini takomillashtirish, idoralar vakolatlarini aniqlashtirish hamda raqamli tahlil va monitoring mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.