6-oktyabr holatiga ko‘ra, Toshkentda havo ifloslanish darajasi me’yordan 15 baravar oshdi. Bu haqda IQAir portali xabar bermoqda.
Soat 09:00 da O‘zbekiston poytaxtidagi monitoring stansiyasi 380 AQI ko‘rsatkichini qayd etgan. PM2.5 zarralarining konsentratsiyasi JSST tavsiya etgan yillik me’yordan 15,4 baravar yuqori bo‘lgan.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumotiga ko‘ra, havodagi PM2.5 mayda dispers zarralar miqdori 78,9 mkg/m³ ni tashkil etgan bo‘lib, bu ruxsat etilgan me’yor — 35 mkg/m³ dan 2,2 baravar yuqori ekani qayd etilgan.
Mutaxassislar bunday sharoitda sog‘liqni saqlash bo‘yicha bir qator tavsiyalarni berishmoqda. Jumladan, ochiq havoda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmaslik, derazalarni yopiq holda saqlash va imkon qadar tashqariga kam chiqish tavsiya etiladi. Shuningdek, ko‘chaga chiqqanda niqob taqish hamda uyda havo tozalagichlardan foydalanish kerak.