Agar 30 kun ichida 187,5 million so‘m yoki undan ortiq summa bir yoki bir nechta shaxsga karta orqali o‘tkazilsa yoki qabul qilinsa, bu shubhali operatsiya sifatida baholanadi.
Avtomatik blokirovka amalga oshirilmaydi, lekin bank tekshiruv o‘tkazib, mablag‘ manbasini so‘rashi mumkin. Agar bu haqda axborot taqdim etilmasa, shartnoma bekor qilinishi mumkin.
Agar firibgarlikka o‘xshash holatlar aniqlansa, karta 3 kungacha vaqtincha bloklanishi mumkin.
Banklar nega bunday operatsiyalarni tekshiradi?
Banklar jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash talablariga ko‘ra yirik yoki odatiy bo‘lmagan pul o‘tkazmalarini kuzatishi shart. Tekshiruv karta egasini aybdor deb hisoblash emas — bu mablag‘ manbasini aniqlash tartibidir.
Muammoga duch kelmaslik uchun nima qilish kerak?
— katta summalar uchun asos bo‘ladigan hujjatlarni (shartnoma, chek, ishonchnoma) saqlab qo‘ying;
— tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha tushumlarni shaxsiy karta orqali emas, tegishli hisob raqami orqali qabul qiling;
— bank qo‘shimcha ma’lumot so‘rasa, belgilangan muddatda javob bering;
— kartangiz yoki ma’lumotlaringizni boshqalarga «vaqtincha» bermang: ularning o‘tkazmalari uchun ham siz javob berasiz.
