Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

  • Bosh sahifa
  • Salomatlik
  • Qirg‘izistonda yangi qoida: ichki a’zolarni koʻchirib oʻtkazish faqat yaqin qarindoshdan amalga oshiriladi
Salomatlik

Qirg‘izistonda yangi qoida: ichki a’zolarni koʻchirib oʻtkazish faqat yaqin qarindoshdan amalga oshiriladi

Gulhayo Naimova 08.06.20252 daqiqa o'qiladi
27

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash tizimida ichki organlarni ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) bo‘yicha yangi tartiblar kuchga kirdi. Endilikda bemorga buyrak yoki boshqa ichki a’zoni faqat yaqin qarindoshlari — ota-onasi, farzandi, aka-ukasi yoki opa-singlisi, bobo-buvi yoki nabiralari donor bo‘lishi mumkin. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Qoidalar tibbiy manipulyatsiyalarni yanada ochiq va xavfsiz qilishga qaratilgan. Endilikda begona yoki notanish insonlar orasidan organ olish taqiqlanadi. Shuningdek, tibbiyot amaliyotida organ savdosining oldi olinadi. Donorlik faqat ixtiyoriylik asosida va davlat muassasalarida amalga oshiriladi.

Buyrak transplantatsiyasi, ayniqsa, doimiy gemodializga muhtoj bemorlar uchun muqobil va tejamkor yechim hisoblanadi. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bir yil davomida gemodializ uchun sarf bo‘ladigan mablag‘ 936 ming somni tashkil etsa, buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi va keyingi davolash ishlari uchun o‘rtacha 617 ming som kifoya qiladi. Bu farq davlat byudjetiga katta yengillik beradi.

2025-yil boshidan beri Qirg‘izistonda 26 nafar bemor davlat hisobidan buyrak transplantatsiyasini o‘tkazdi. Operatsiyalar Bishkek va O‘sh shaharlaridagi davlat klinikalarida amalga oshirildi. Shuningdek, mamlakatda ilk bor endovideoxirurgik usulda (ya’ni kichik kesiklar bilan) buyrak chiqarish operatsiyasi ham muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Yangi tartiblar hozircha faqat tirik donorlar uchun amal qiladi. Vafot etgan insonlardan organ olishga oid qonun loyihasi esa hali muhokamada. Mutaxassislar bu borada ijtimoiy fikr va diniy qarashlarni inobatga olib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishmoqda.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *