Buyurtma qiymati oshgan holda milliy aviakompaniya parki 2031-yildan boshlab 22 ta Dreamliner bilan to‘ldiriladi.
Boeing kompaniyasi Uzbekistan Airways bilan avval mavjud boʻlgan 8 ta Boeing 787−9 Dreamliner uchun opsion shartnomasi endi qatʼiy buyurtmaga aylantirilganini maʼlum qildi.
Shu bilan aviakompaniyaning umumiy buyurtmalari soni 22 taga yetdi. Samolyotlar 2031-yildan boshlab yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Shartnomani tasdiqlash marosimi Vashingtonda oʻtayotgan C5+1 sammiti doirasida AQSH savdo vaziri Xovard Latnik va Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ishtirokida amalga oshirildi.
Boeingning taʼkidlashicha, yangi 787−9 samolyotlari Uzbekistan Airwaysʼga xalqaro yoʻnalishlar tarmogʻini kengaytirish va parvoz samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Uzbekistan Airways 14 ta 787−9 Dreamliner xaridi boʻyicha bitim tuzgan, yana 8 tasi esa opsion sifatida belgilangan edi. Endi opsion ham asosiy buyurtmaga aylandi.
