Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bog‘chalarda bolalar ovqatdan zaharlandi. Tuman hokimliklari bu ma’lumotni tasdiqladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, 24-sentyabr kuni Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari salomatligida o‘zgarish bo‘lganligi sababli tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilingan.
Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Mazkur vaziyat darhol Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganish ishlari boshlangan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2 foizli kefir Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
“Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etyapti”, deyiladi vazirlik xabarida.
O‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi bildirildi.