Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 067.76 −70.91 EUR 14 141.00 −35.75 RUB 145.64 +0.28

ChatGPT foydalanuvchilardan pasport ma’lumotlarini so‘rashi mumkin

OpenAI bosh direktori Sam Altman kompaniya voyaga yetmaganlar uchun ChatGPT’dan foydalanishda qo‘shimcha himoya choralarini joriy etayotganini ma’lum qildi.

 

Altmanning aytishicha, kompaniya foydalanuvchi yoshini taxmin qilish imkonini beradigan yoshni aniqlash tizimini ishlab chiqmoqda. “Biz xavfsizlikni shaxsiy hayot va erkinlikdan ustun qo‘yamiz. Voyaga yetmaganlar sezilarli darajada himoyaga muhtoj,” dedi u bayonotida.

 

OpenAI ma’lum qilishicha, agar tizim foydalanuvchini 18 yoshdan kichik deb aniqlasa, unga moslashtirilgan ChatGPT taklif qilinadi. Bu versiyada zo‘ravonlik yoki jinsiy xarakterdagi kontent bloklanadi, og‘ir ruhiy holatlar aniqlansa, ba’zi hollarda ota-onalarga xabar berilishi yoki huquqni muhofaza qilish organlari jalb qilinishi mumkin.

 

Altman bunday choralar ayrim noqulayliklarni keltirib chiqarishini tan oldi. Ba’zi mamlakatlarda foydalanuvchilar o‘z yoshini tasdiqlash uchun shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi kerak bo‘lishi mumkin. “Biz bu kattalar uchun maxfiylikka muayyan ta’sir ko‘rsatishini bilamiz, lekin bu o‘zini oqlaydigan choradir,” dedi u.

 

OpenAI shuningdek, ota-onalar nazorati funksiyasini shu oy oxirigacha ishga tushirishini ma’lum qildi. Bu imkoniyat ota-onalarga farzandining hisobini bog‘lash, ChatGPT’ning qanday javob berishini nazorat qilish va foydalanish vaqtini cheklash imkonini beradi.