O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, chet el investitsiyalari ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 16 946 taga yetdi. Bu Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Shundan 4 144 tasi qo‘shma korxonalar va 12 802 tasi xorijiy korxonalar hissasiga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekistonda oxirgi besh yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning umumiy soni 1,3 barobarga, shu bilan birga xorijiy korxonalarning ulushi (jamiga nisbatan) 53,4 foiz dan 75,5 foizgacha oshgan. Hududlar kesimida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi faoliyat yuritayotgan korxonalarning jami soniga nisbatan eng katta ulushi Toshkent shahriga 63,9 foiz, viloyatlar orasida esa Toshkent – 12,6 foiz, Samarqand – 3,7 foiz va Farg‘onada 3,4 foiz ga to‘g‘ri keladi.
Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona va tashkilotlar tahlil qilinganda, yetakchi o‘rinni 4 420 ta korxona bilan Xitoy egalladi. Spot’ning ma’lum qilishicha, shundan 170 tasi yangi korxonalardir. Xitoy ishtirokidagi korxonalar respublikadagi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar umumiy sonining 26,1 foizini tashkil etdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘z kapitalini kiritib, hissasini qo‘shayotgan mamlakatlar orasida Rossiya (18,5 foiz), Turkiya (11,9 foiz), Qozog‘iston (6,8 foiz), Afg‘oniston (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (4,0 foiz) ham alohida o‘rin egallaydi.
2025-yilning 1-sentyabr holatiga ko‘ra xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning soni, 2024-yilning mos davriga nisbatan 2 384 taga oshgan. Bu asosan, savdo sohasidagi korxonalar sonining 5 098 tadan 6 053 taga, (o‘sish 955 taga), sanoat sohasida 3 206 tadan 3 538 taga (o‘sish 332 taga) va qurilish sohasida 1 055 tadan 1 282 taga (o‘sish 227 taga) ko‘payishi bilan bog‘liq.
Avgust oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumida xitoylik tadbirkorlar tomonidan O‘zbekistonga juda katta qiziqish bildirilayotgani ma’lum qilingandi. Ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 2025-yilda 8,78 mlrd dollarga yetdi.