Shu kunlarda butun jamiyatni larzaga solgan voqea — Sergeli tumanida onasi tomonidan oʻldirilgan 7 yoshli qizaloq fojeasi yana bir bor ruhiy salomatlik va tizim mas’uliyati haqida og‘ir savollarni o‘rtaga tashladi.
Zarina Ahadova hayotining eng go‘zal fasli — bolalikning bahorida edi. Bir hafta avvalgina maktab ostonasini ilk bor qadamlab, darsxonalar shovqinini his eta boshlagandi. Ammo uning bolalik orzulari, yorqin kunlari uzilganicha qoldi. Onasi tomonidan oshxona pichogʻi bilan jarohatlangan qizaloq voqea joyida vafot etdi.
Ona — Zilola To‘laganova ilgari ham jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. 2022-yil yanvar oyida u qizini Toshkent hayvonot bog‘ida ayiqlar qafasiga tashlab yuborgandi. O‘shanda mo‘jiza yuz bergan, Kavkaz ayig‘i bolaga tegmagan, bog‘ xodimlari esa uni qutqarib qolishgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, To‘laganova yillar davomida ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanib kelgan va joriy yil 2-avgust kuni shifoxonadan ambulator davolanish uchun chiqarilgan. Ammo bu qarorning oqibatlari afsuski, mudhish yakun topdi.
Endi esa savollar ko‘paymoqda. Nega ruhiy xastalik bilan og‘rigan bemor o‘z farzandlari bilan yolg‘iz qolishiga yo‘l qo‘yildi? Mahalla vakillari uning holatini nazorat qilganini aytmoqda, ammo bu nazorat nega fojianing oldini ola olmadi?
Har bir farzand himoyaga muhtoj. Har bir ona esa ruhiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishga. Bu fojia yana bir bor jamiyatni hushyorlikka chorlaydi: ruhiy salomatlik — bu shaxsiy emas, ijtimoiy masala.