Toshkent shahrida tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanadigan avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda 12-avgust kuni xalq deputatlari shahar kengashining yig‘ilishida Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Allayor Norbo‘tayev ma’lum qildi.
Norbo‘tayevning qayd etishicha, bu prezidentning [2022-yilda qabul qilingan] 232-sonli qarorida ko‘zda tutilgan.
Taklifga ko‘ra, avtobuslar aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, tundagi turizm ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, yirik dehqon bozorlari, talabalar yotoqxonasi va shifoxonalar orqali harakatlanadi. Umumiy hisobda 15 ta yo‘nalish ikki bosqichda, oraliq intervali dastlab yarim soatni tashkil etgan holda tashkil etiladi.
Norbo‘tayev chipta narxi kunduzgi bilan bir xil bo‘lishini aytdi. Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, Turizm komissiyasi tomonidan narxni qimmatroq qilish bo‘yicha takliflar bo‘lgan.
“Transport boshqarmasi tomonidan buni bir xil qilish tarafdorimiz, chunki kechqurun faqat puli bor odam yurmaydi. Puli yo‘q odamlar ham, masalan, shifoxonaga borishi kerak bo‘lib qoladi yoki oilasi bilan kechki sayrga chiqishadi. O‘sha paytlarda o‘zining avtomobilidan voz kechgan holda kechqurun 22:00 dan, ya’ni o‘sha paytda metro hali harakatda bo‘ladi, ertalabki oltigacha qatnashi mumkin”, — dedi Norbo‘tayev.
Uning ta’kidlashicha Toshkent shahri hokimiyatidan avtobuslarni alohida qizil rangga bo‘yash taklifi bo‘lgan. Avtobus yo‘nalishlari raqamlari ham T1, T2, ya’ni “tungi avtobus” sifatida belgilanadi.
“15 ta yo‘nalishda 54 ta avtobus harakatlanadi. O‘sha yo‘nalishdagi tushumni hisoblamasak, o‘rtacha 33 milliard so‘m mahalliy budjetga yuklama tushadi”, — dedi Allayor Norbo‘tayev.
Tungi avtobuslarni tashkil etish taklifi prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida ham aks etgandi. Loyihada tungi vaqtda ishlaydigan xizmatlar, madaniy tadbirlar va jamoat transporti haqida ma’lumot beruvchi mobil ilovalarni ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgandi.