O‘zbekistonlik taekvondochi, ikki karra Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov doping qoidalarini buzganlik uchun ikki yilga musobaqalardan chetlatildi. Bu haqda Xalqaro dopingtahlil agentligi (ITA) rasmiy bayonot berdi.
Unga ko‘ra, Rashitov WTning antidoping qoidalariga muvofiq 12 oy ichida uch marta joylashuv bo‘yicha qoidalarni buzgan. Sportchi qoidabuzarlikni rad etmagan va belgilangan jazoni qabul qilgan.
Natijada Rashitov 2025-yil 13-maydan boshlab 2027-yil 12-maygacha musobaqalarda qatnasha olmaydi. Shuningdek, 2025-yil 3-fevraldan qoidabuzarlik aniqlanguncha erishgan barcha natijalari bekor qilinadi.
Ta’kidlash lozim, Ulug‘bek Rashitov Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida 68 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik taekvondochi hisoblanadi.
U, shuningdek, Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionatida g‘olib, jahon chempionati sovrindori bo‘lib, erkaklar o‘rtasida taekvondo bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioniga aylangan birinchi sportchi sifatida tarixga kirgan edi.