Buyuk Britaniyada sobiq do‘kon menejeri Lyusi Roberts 124 ming funt sterling (taxminan 1,9 milliard so‘m)lik zargarlik buyumlari va naqd pulni o‘g‘irlagani uchun 28 oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Uning jinoyati ijtimoiy tarmoqlardagi selfilari orqali fosh bo‘ldi, deb xabar bermoqda CBS media kompaniyasi.
39 yoshli Roberts ilgari ishlagan hashamatli do‘kondan olmos, oltin va kumush taqinchoqlarni “tovarlarni tartiblash” bahonasi bilan olib chiqqan. U, shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirib, soxta qaytarishlar rasmiylashtirgan.
Politsiya tergoviga ko‘ra, Roberts dengiz sayohatida dam olayotganda “olmoslarga burkangan” holda tushgan suratlarini sobiq hamkasblariga yuborgan. Bu suratlar jinoyatni fosh qilishga yordam bergan.
Xumbersayd politsiyasi tergovchisi, serjant Krista Uilkinson ayolni “hech kim sezmaydi deb o‘ylab, o‘z jinoyatlari bilan faxrlangan” deb ta’rifladi.
Robertsning uyida 260 dan ortiq zargarlik buyumlari topilgan. Ular qutilarda, shkaflar va karavot ostida yashirilgan holda saqlangan.
Ayol sayohatdan qaytganida Londonning Xitrou aeroportida hibsga olindi. Uning yonidan o‘g‘irlangan taqinchoqlar olib qoʻyilgan.