Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

  • Bosh sahifa
  • Jahon
  • Kreml: Eronni yadroviy qurollar bilan ta’minlashga tayyor davlatlar bor
Jahon

Kreml: Eronni yadroviy qurollar bilan ta’minlashga tayyor davlatlar bor

Gulhayo Naimova 23.06.20252 daqiqa o'qiladi
118

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbas Araqchi yakshanba kuni tunda Moskvaga yetib borgan. Rasmiy tashrif doirasida u Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan mintaqaviy xavfsizlik, yadroviy siyosat va strategik hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib boradi.

Tashrif AQSH va Isroil tomonidan Eron hududidagi yadroviy inshootlarga berilgan zarbalardan so‘ng, keskinlashgan geosiyosiy vaziyat fonida bo‘lib o‘tmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaga ko‘ra, muzokaralarda mintaqaviy inqirozlarning oldini olish, xalqaro yadro shartnomalariga sodiqlik, shuningdek, Rossiya–Eron strategik sherikligining amaliy bosqichlari muhokama qilinadi.

“Rossiya har doim Eronning tinch maqsaddagi yadroviy dasturini qo‘llab-quvvatlab kelgan. MАGATE hech qachon Eron yadro qurolini ishlab chiqarayotganini isbotlagan emas,” — dedi prezident Putin ilgari bergan bayonotida.

Shu orada Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Telegram sahifasida xavotirli ogohlantirish berdi: “Bir nechta davlatlar Eronni yadroviy qurollar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’minlashga tayyor.” U bu gapni AQSH zarbalaridan so‘ng yuzaga kelgan kuchaygan harbiy fon bilan izohladi.

Medvedev qaysi davlatlar nazarda tutilayotganini aniq aytmagan bo‘lsa-da, tahlilchilarga ko‘ra, bu ogohlantirish Rossiya, Xitoy yoki Shimoliy Koreya kabi yadroviy qudratlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, xalqaro ekspertlar buni “siyosiy bosim kuchaytirishga qaratilgan bayonot” deb baholamoqda.

So‘nggi oylarda Eron va Rossiya o‘rtasidagi yaqinlik kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Bu esa G‘arb davlatlari, xususan AQSH tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda. Moskvaning Eron bilan hamkorligi faqat iqtisodiy yoki harbiy emas, balki yadroviy muvozanat masalasida ham strategik ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.

AQSH rasmiysi Marko Rubio Araqchining Moskvaga safarini tanqid qilib, “Eron AQSH vakillari bilan emas, Rossiya rahbariyati bilan muzokara o‘tkazayotganidan xavotirdamiz,” dedi.

Arakchining Moskvadagi tashrifi va Kremlning yadroviy ogohlantirishi mintaqadagi xavfsizlik muammolarining murakkabligini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu o‘zgarishlar fonida xalqaro hamjamiyat diplomatik yo‘llarni izlashda davom etmoqda, biroq ritorikada kuch ishlatish ehtimoli hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *