Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni bergan bayonotida Moskva Ukrainani taslim bo‘lishga majburlamoqchi emasligini, balki front chizig‘i bo‘ylab shakllangan “real holatni” tan olishini kutayotganini aytdi.
“Biz Ukrainaning kapitulyatsiyasini talab qilmayapmiz,” — dedi Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasidagi yalpi majlisda. “Biz yerda shakllangan real holatni tan olishni talab qilayapmiz.”
Putindan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy boshchiligidagi hukumat “shartsiz taslim bo‘lishi”ni Rossiya talab qilayaptimi, deb so‘ralganda, u bu ehtimolni rad etdi.
Putin shuningdek, Rossiya kuchlari Ukrainadagi Sumi shahrini egallashi mumkinligini inkor etmadi, biroq “bunday harbiy vazifa qo‘yilmaganini” ta’kidladi.
U o‘z chiqishida Rossiya va Ukraina xalqlarini “bitta xalq” deb atab, “butun Ukraina — bizniki” degan bayonot bilan chiqdi.
Shuningdek, Putin Ukraina mojarosining sababi sifatida Qrim emas, balki G‘arb davlatlarining “Ukrainadagi davlat to‘ntarishiga ko‘maklashgani”ni ko‘rsatdi. U Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini bildirdi, biroq Zelenskiyning prezidentlik vakolati muddati allaqachon tugaganini va qonuniy asosda uzaytirilmaganini eslatdi. “Savol — hujjatlarni kim imzolaydi?” dedi u.
Yakunda Putin Donbass va Novorossiyani Rossiya Federatsiyasining “ajralmas qismi” deb atadi.