Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida sunʼiy intellekt (SI) asosida ishlovchi exokardiografiya tizimi joriy etilgan zamonaviy kardiologik klinika ochildi. Bu — mamlakatdagi ilk shunday muassasa hisoblanadi.
Yangi klinika Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi doirasida tanishtirildi. Davlat rahbari bunday muassasalarni O‘zbekistonning barcha hududlarida tashkil etish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini maʼlum qildi.
Klinikada o‘rnatilgan SI tizimi yurakni ultratovush orqali tekshirish natijalarini mustaqil tahlil qilishi va dastlabki tashxisiy xulosalarni taqdim etishi mumkin.
Mutaxassislarning aytishicha, bu uskunaning yurtimizda hozircha yagona ekani va u murakkab holatlarda xatolik ehtimolini kamaytirish, tashxis jarayonini tezlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Rossiyalik investorlar bilan hamkorlikda qurilgan “Oq Saroy” kardiologik markazi xususiy tibbiyotda yangi bosqichni boshlab berdi. Klinika to‘rtta operatsion, oltita reanimatsiya xonasi va 100 dan ortiq statsionar o‘rin bilan jihozlangan. Har kuni bu yerda 25 tagacha yurak operatsiyasi – stentlash, aortokoronar shuntlash va tug‘ma yurak nuqsonlarini bartaraf etish kabi jarrohlik amaliyotlari bajarilishi mumkin.
Tibbiyot muassasasida Rossiya, Turkiya va Quvaytdan jalb etilgan yuqori malakali shifokorlar faoliyat yuritmoqda. Klinikada klinik ordinatura tashkil etilgan bo‘lib, 130 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Markaz telemeditsina yo‘nalishini ham faol rivojlantirmoqda.
Yurak-qon tomir kasalliklari keng tarqalgan Qashqadaryo viloyatida bunday markazning ochilishi ayni muddao bo‘ldi. Klinikaga qarashli mobil diagnostika guruhlari uzoq hududlardagi aholi punktlariga borib, UTT, KT, EKG va boshqa zarur xizmatlarni joyida ko‘rsatmoqda.
Prezident Mirziyoyev klinikaga tashrifi chog‘ida shunday dedi:
“Bunday klinikalarni barcha hududlarda tashkil etishimiz kerak. Mablag‘ masalasi muhim emas – uni topamiz. Asosiysi – odamlar uchun sifatli va ochiq tibbiy yordam bo‘lishi shart. Raqobatsiz sifatga intilish bo‘lmaydi.”
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Respublika urologiya markazida robot-assistent jarroh ham ishga tushirilgan edi.