Volksvagen va “O‘zavtosanoat” kompaniyalari O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni boshlash bo‘yicha hamkorlik qiladi. Shu hafta imzolangan strategik bitimga ko‘ra, ishlab chiqarish jarayoni “O‘zavtosanoat” tarkibidagi Alyans Auto zavodida amalga oshiriladi. Bu haqda Volkswagen Passenger Cars kompaniyasining direktori Martin Sander LinkedIn’dagi postida e’lon qildi.
Sanderning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bozori — ayni paytda o‘sishda davom etayotgan va avtomobilsozlik sohasida katta salohiyatga ega mintaqalardan biri. “Bu biz uchun muhim qadam. Mamlakatda aholi soni o‘sib bormoqda, daromadlar ortmoqda. Bu esa ishonchli avtomobillarga ehtiyojni keskin oshirmoqda,” — dedi u.
Bitimga ko‘ra, ishlab chiqarish SKD (yirik birliklarni yig‘ish) shaklida yo‘lga qo‘yiladi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, komponentlar Xitoydan olib kelinadi. Volksvagen aynan Xitoydagi ishlab chiqarish bazasi orqali O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatmoqchi — bu logistika xarajatlarini kamaytirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi.
Volksvagenning portfeli O‘zbekiston iste’molchilari uchun to‘liq moslashtirilgan. Bizda sakkiz xil model bor — zamonaviy sedanlardan tortib keng yo‘ltanlamaslargacha. Aynan bu mashinalar o‘zbek xaridorlari qidirayotgan avtomobillardir,” — deya qayd etdi kompaniya vakili.
Shartnoma doirasida faqat avtomobillarni yig‘ish emas, balki texnologiyalarni transfer qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport imkoniyatlarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Seriyali ishlab chiqarishni 2025-yilning to‘rtinchi choragida boshlash rejalashtirilgan.
Bu loyiha, shuningdek, yurt ichidagi avtomobilsozlik sanoatini modernizatsiya qilish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va raqobatbardosh avtomobillarni eksport qilish imkoniyatini oshirishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
“O‘zavtosanoat” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bitim IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan. Bu O‘zbekiston avtomobil sanoatini jahon darajasidagi ishlab chiqaruvchilar bilan integratsiyalashga qaratilgan yana bir bosqich hisoblanadi.
Volksvagen aslida O‘zbekiston bozorida yangilik emas. Kompaniya 2019-yildan buyon Jizzax Auto brendi ostida ishlab chiqaruvchi va rasmiy distribyutor sifatida faoliyat yuritib kelgan. 2020-yilda Volkswagen Group Rus va “O‘zavtosanoat” o‘rtasida Jizzaxdagi erkin iqtisodiy zonada yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolangan edi.
Biroq, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng Volksvagen bu mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatdi va 2023-yil may oyida o‘z aktivlarini Rossiyaning Avilon kompaniyasiga sotdi. Ushbu qaror Volksvagenni Markaziy Osiyoga, xususan O‘zbekistonga strategik qaytishga undagan omillardan biri bo‘ldi.
2022-yildan boshlab esa kompaniya O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarda faoliyatini to‘xtatgan edi. Endilikda yangi loyiha bilan Volksvagen butunlay yangi nom — Alyans Auto orqali bozorga qaytmoqda.
Volksvagen va “O‘zavtosanoat” hamkorligi O‘zbekiston avtomobil sanoati uchun yangi sahifa ochmoqda. Yirik brendning qaytishi bozorda raqobatni kuchaytirishi, iste’molchilarga tanlov imkoniyatini kengaytirishi va mintaqaviy eksport imkoniyatlarini oshirishi kutilmoqda.