Ijtimoiy tarmoqlarda “ekishni xohlamagan, g‘alla, pillani rejasini bajarmagan, soliqlarni to‘lamagan fermer xo‘jaliklarining yerlari olinib, Xitoylik investorlarqa berilishi haqida” Urgut tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Z. Omonovning xabari muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bunday holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Fermer xo‘jaliklarining huquqlari, shu jumladan mulk huquqi, yer ijarasi huquqining daxlsizligi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun, Yer kodeksi va Prezident farmonlari bilan kafolatlangan.
2022-yil 24-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-198-sonli farmoniga ko‘ra, 2022-yil 1-sentabrdan boshlab, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni tugatish uchun hujjatlar, shu jumladan Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlari, faqat ular tomonidan yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, masalan, prokuror protesti asosida bekor qilinishi mumkin.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining yer ijarasi shartnomasi faqatgina uning notarial tasdiqlangan rozilik arizasiga asoslangan holda tomonlar o‘rtasida kelishilgan bo‘lishi mumkin yoki faqat sud tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Farmonga asosan, Vazirlar Mahkamasi istisno tariqasida, xorijiy investorlar, shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokida bo‘lgan korxonalar, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar uchun katta miqdordagi investitsiyalarni amalga oshirish sharti bilan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishi mumkin. Bunda loyiha qiymatining kamida 5 foizini davlat byudjetiga to‘lash va yerning bozor qiymatini aniqlaydigan baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan ko‘rsatkichlarga javob berish talab qilinadi.
Yuqoridagi asossiz, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarni tarqatayotganlar, qonuniy jazolarga tortilishi mumkin.