O‘zbekiston YouTube monetizatsiyasi yo‘qligi tufayli har yili taxminan 50 million dollar daromad yo‘qotmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) bu xizmatni ishga tushirish mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shimcha 0,1 foiz o‘sish olib kelishi mumkinligini bildirgan.
YouTube monetizatsiyasi hozirda 108 ta davlatda mavjud, Markaziy Osiyoda esa faqat Qozog‘istonda ishlaydi. O‘zbekistonda esa bu imkoniyatga bir nechta huquqiy, texnik va siyosiy to‘siqlar halaqit bermoqda.
Monetizatsiyaning iqtisodiyotga ta’siri
Bugungi kunda O‘zbekistonda 84 ming xodim ishlayotgan 9,6 mingta kreativ industriya korxonasi faoliyat yuritmoqda. Davlat bu sektorning 2030-yilgacha YAIMdagi ulushini 5 foizga yetkazishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston internet foydalanuvchilari soni 32,7 million, ijtimoiy tarmoqlarda esa 11,7 million faol foydalanuvchi mavjud. YouTube foydalanuvchilari esa 13 million kishini tashkil etadi. Blogerlar soni 26 mingdan ortiq, ulardan 1000 nafari yirik auditoriyaga ega.
ITIM hisob-kitobiga ko‘ra, yillik ko‘rishlar soni 36 milliardga yetadi, bu orqali $28,8 mln – $50,4 mln daromad olish mumkin.
To‘siqlar nimalarda?
1. Shaxsiy ma’lumotlarni saqlash talabi – “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining ma’lumotlari mamlakat ichida saqlanishi lozim. Bu esa Google va YouTube serverlarining joylashtirilishida muammo tug‘dirmoqda.
2. Mualliflik huquqi bilan bog‘liq muammolar – ruxsatsiz kontent yuklash, nusxalash holatlari keng tarqalgan. Bu esa kontent mualliflari motivatsiyasini pasaytiradi.
3. Reklama bozori haqida ochiq va shaffof ma’lumotlar yetishmasligi – YouTube kabi platformalar uchun qaror qabul qilishni murakkablashtiradi.
4. O‘zbek tilini sun’iy intellekt tanimasligi – YouTube algoritmlari o‘zbek tili, shevalari va talaffuzlarini to‘g‘ri anglashda qiyinchilikka duch kelmoqda.
5. Xalqaro to‘lov tizimlarining cheklanganligi – PayPal, Stripe kabi tizimlar to‘liq ishlamaydi. Bu esa blogerlar uchun daromad olish mexanizmlarini murakkablashtiradi.
O‘zbekistonda 2021-yildan beri faqat “O‘ztelekom” tomonidan Tier III standartiga javob beradigan ma’lumotlar markazi qurilgan. YouTube serverlari odatda 5-20 mln megavat quvvatga ega, har mln megavat uchun $7−10 mln sarflanadi.