Xitoydagi China Labor Watch (CLW) mehnat huquqlari tashkiloti Apple’ni iPhone ishlab chiqaruvchi Foxconn zavodlarida noqonuniy va og‘ir mehnat sharoitlariga yo‘l qo‘yishda aybladi.
Hisobotda Foxconn’ning Chjengchjou shahridagi yirik zavodida mavsumiy ishchilar — “dispatch workers” — ulushi qonunda ruxsat etilgan 10 foiz o‘rniga 50 foizdan oshgani keltirilgan.
Bu ishchilarning maoshi kechiktirilgani va ularni ishdan chiqib ketmaslikka majburlash maqsadida murakkab jadval bo‘yicha to‘langanini aytmoqda.
Tashkilot, shuningdek, etnik ozchiliklar va homilador ayollarga nisbatan tizimli diskriminatsiya mavjudligini bildirdi. CLW ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilgacha zavodda homilador ayollarni ishga qabul qilmaslikka olib kelgan rentgen tekshiruvlari talab qilingan.
Apple javob qaytarib, joyida tekshiruv boshlanganini va “eng yuqori mehnat, inson huquqlari va etik standartlarga qat’iy sodiq” ekanini ta’kidladi. Foxconn esa o‘zini “teng imkoniyatlar beruvchi ish beruvchi” deb atab, mustaqil auditlardan muvaffaqiyatli o‘tgani haqida ma’lum qildi.
CLW ayrim ijobiy o‘zgarishlarni ham qayd etdi — masalan, ortiqcha ishlash soatlari kamaygani va voyaga yetmagan ishchilar aniqlanmagani. Biroq, tashkilotning ta’kidlashicha, asosiy muammolar hali ham saqlanib qolmoqda.
Foxconn’ning Chjengchjou zavodi 2022-yilda ishchilar noroziligi va ommaviy to‘polonlari bilan ham yodda qolgan edi.
