Rossiya hukumati 2025-yil 1-sentabrdan boshlab migrantlar harakatini mobil ilova orqali kuzatishni boshlaydi. Prezident Vladimir Putin 23-may kuni bu haqda qonunni imzoladi. Bu tajriba dasturi Moskva va Moskva viloyatida to‘rt yil davomida amal qiladi.
Qonunga ko‘ra, Rossiyaga vizasiz kirgan va patent asosida ishlayotgan chet ellik fuqarolar maxsus mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tishlari, biometrik ma’lumotlarini — barmoq izi va yuz tasvirini topshirishlari kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ular yashash joylarini har uch kunda yangilab borishlari yoki manzil o‘zgarsa, uch ish kuni ichida bu haqida Ichki ishlar vazirligiga xabar berishlari lozim.
Rasmiylarga ko‘ra, yangi tizim xavfsizlikni kuchaytirish, noqonuniy migratsiyani nazorat qilish va davlat xizmatlarini samaraliroq ko‘rsatish maqsadida joriy qilinmoqda.
Biroq huquq faollari bu chora migrantlar huquqlari buzilishiga, shaxsiy hayot daxlsizligining cheklanishiga va politsiya bosimining ortishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.
Yangi tizim ayrim guruhlar uchun istisnolarni nazarda tutadi. Belarus fuqarolari, diplomatlar va ularning oila a’zolari, shuningdek voyaga yetmaganlar bu talabdan ozod etiladi.
Rasmiylar migrantlar joylashuv ma’lumotini taqdim etmaslik yoki ilovani ishlatmaslik holatida ularni migratsiya reyestridan chiqarib, Rossiyada qolish huquqidan mahrum etishlari mumkinligini bildirdi.
Agar tizim muvaffaqiyatli bo‘lsa, u Rossiyaning boshqa hududlarida ham joriy etilishi mumkin.