O‘zbekistonda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining mehnat qilishi mumkin bo‘lgan yengil turdagi ishlar va kasblar ro‘yxati tasdiqlanishi kutilmoqda. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Ro‘yxatda 40 ta ish va kasblar nomi keltirilgan, jumladan: ofitsiant, sotuvchi, sartarosh, buyumlarni qo‘lda taxlovchi-qadoqlovchi, dehqon xo‘jaligi a’zosi, yukchi.
16-18 yoshdagilar uchun yuk ko‘tarish me’yorlari maksimal 4,1 kg etib belgilanib, ularning aravacha yoki vagonetka yordamida yuk tashlashlari taqiqlanadi.
16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maksimal yuk og‘irligi: o‘g‘il bolalar uchun 6,5 kg, qiz bolalar uchun 3,5 kg.
15-16 yoshli shaxslar ishga faqat ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning yozma roziligi bilan qabul qilinadi.
18 yoshgacha bo‘lganlar og‘ir va zararli ishlarga jalb qilinmaydi.