19-may kuni soat 18:30 lar atrofida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida xizmat olib borayotgan patrul-post xizmati xodimi hujumga uchradi, deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi.
Yunusobod dehqon bozori yaqinidagi yerosti yo‘li oldida xizmat qilayotgan safdor I. Ibragimov harakatlari shubhali tuyulgan fuqaroni to‘xtatib tekshirishga harakat qilgan. Tekshiruv paytida fuqaro to‘satdan yonidagi pichoq bilan xodimning bo‘yin qismiga zarba bergan.
Xodim tezkor ravishda shifoxonaga yetkazilgan va hayoti saqlab qolingan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida gumondor qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, u 1963-yilda tug‘ilgan Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yashovchi Akrom Tursunovich Xasanov bo‘lib, 2005-yildan buyon ruhiy dispanserda ro‘yxatda turgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-97-moddasi (odam o‘ldirishga suiqasd) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari boshlandi. Gumondor protsessual tartibda hibsga olingan.
Ichki ishlar vazirligi agar ushbu shaxsning harakatlaridan jabrlangan boshqa fuqarolar bo‘lsa, eng yaqin IIBga yoki 102 raqamiga murojaat qilishni so‘ramoqda.